English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning 420 million so‘mdan ortiq mablag‘i soliqchilardan olib berildi
11:14 / 2022-08-08

Bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish natijasida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘plab investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Biroq, ushbu yo‘nalishda ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanmaslik, shuningdek, foydalanilmayotgan ob’ektlarni boshqa mulkdorlar nomiga rasmiylashtirish orqali ta’sirchan soliq mexanizmidan qochish holatlari uchramoqda. Bu esa, o‘z navbatida, foydalanilmayotgan ob’ektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish jarayonini murakkablashtirmoqda.

Tezkor jalb etish mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil 13 avgustda Vazirlar Mahkamasining «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan bo‘sh turgan ob’ektlardan oqilona foydalanish hamda ular negizida zamonaviy ishlab chiqarishlarni va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda foydalanilmayotgan ob’ektlarga nisbatan ta’sirchan soliq mexanizmi tartibotini soddalashtirish nazarda tutilgan.

Mazkur hujjat asosida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, foydalanilmayotgan ob’ektlarga soliq organlari tomonidan Foydalanilmayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiya xulosasini olmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash tartibi joriy etildi.

Foydalanilmayotgan ob’ektlar xo‘jalik faoliyatiga jalb etilganda, ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida hisoblangan soliq summalarini qaytarish belgilab qo‘yildi.

Foydalanilmayotgan ob’ektlarni aniqlash bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular aniqlangan muammolarni hal qilish va foydalanilmayotgan ob’ektlarni ishga tushirishga doir loyihalarni ishlab chiqishda va investorlarni jalb qilishda mulkdorlarga ko‘maklashmoqda.

Ishchi guruhlar foydalanilmayotgan ob’ekt haqiqatda xo‘jalik faoliyatiga jalb qilinganini joyiga borgan holda o‘rganish orqali ta’sirchan soliq mexanizmini to‘xtatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga xulosa taqdim etish kabi vazifalarni ham ado etmoqda.

Qarorga binoan foydalanilmayotgan ob’ekt xo‘jalik faoliyatiga jalb etilganda ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida hisoblangan soliq summalari xo‘jalik faoliyatiga jalb etilgan ob’ekt mulkdoriga tegishli miqdorda qaytariladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman) devoniga aynan shu masalada “Istiqbol roydevori” mas’uliyati cheklangan jamiyati murojaat qildi.

Yunusobod tumani hokimligi huzuridagi «Foydalanilmayotgan ob’ektlarni aniqlash hamda xo‘jalik faoliyatiga jalb etish» bo‘yicha ishchi guruhining xulosasi asosida jamiyatga tegishli ob’ektga nisbatan ta’sirchan soliq mexanizmi to‘xtatilishi va hisoblangan soliq summalari qaytarilishi kerak edi.

Ya’ni ishchi guruh xulosasi tuman soliq inspeksiyasiga taqdim etilgan bo‘lsada, mulkdorga 12 oy uchun qo‘llanilgan 420 million 379 ming 576 so‘m ta’sirchan soliq summasi qaytarilmagan.

Vaholanki, hukumat qarori bilan foydalanilmayotgan ob’ektlarga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash yoki ularni bekor qilish tartibi aniq belgilangan. Tuman hokimliklari huzuridagi ishchi guruhlar tomonidan qabul qilingan xulosalar ijrosi soliq xizmati xodimlari tomonidan bajarilishi shart.

Shu asoslarga ko‘ra Biznes ombudsman tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga taqdimnoma kiritildi. Ushbu masala Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan qayta ko‘rib chiqildi. Natijada “Istiqbol roydevori” mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaati himoyasi ta’minlanib, tadbirkorga mablag‘ qaytarildi.

Bahrom Bobomurodov,

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni

yetakchi inspektori

 

O‘zA