English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlikni g‘ijduvonliklardan o‘rganish kerak
11:52 / 2023-03-19

Tadbirkor deganda ko‘z o‘ngimizda harakatchan, doim yangilik yaratishga intiladigan, bir so‘mini ikki so‘m, bir xodimini ikki xodim, bitta mahsulot turini ikkita mahsulot turi qilish payida yonib yashaydigan odam gavdalanadi. Yo‘qdan bor qilish, kichikni kattalashtirish, bir yilda qilinadigan ishni bir-ikki oyda bajarish ham tadbirkorlarga xos xususiyat.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani aholisini ana shunday tadbirkor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ishning ko‘zini biladigan g‘ijduvonliklarning tadbirkorligi, ishbilarmon va uddaburonligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, G‘ijduvonni doimo odamlar bilan gavjum, tunu-kun hayot qaynagan “Bombey”ga qiyoslashadi. Tadbirkor – tijoratchi savdogarlar yurti sifatida tan olingan G‘ijduvon tumani mohir usta hunarmandlari bilan ham mashhur.  

Tumanda duradgor, temirchi, mebelsoz, chevar, kashtado‘z, zardo‘z, beshiksoz, kosib, kulol, halvogar-qandalotchi, bo‘yrabof, kigizdo‘z, gilamboflar kabi turli hunar egalari ko‘p.  

–-Mahallamiz ma’muriy jihatdan Usto ko‘cha, Ahmadxon, Ko‘hna Oqrabot, Do‘kkala, Boylar, O‘rtahovli qishloqlarini o‘z ichiga olgan, – deydi tuman markazidan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hayot Boltayev.  – Hozirda hududda 5 ming 800 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Joriy yilda hududda kam ta’minlangan va juda nochor oilalardan 173 nafar ayolni “Ayollar daftari” ga kiritishga doir ro‘yxatni shakllantirgan bo‘lsak, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”da 3 nafardan mahalladoshimizni ijtimoiy muhofazaga olganmiz. Holbuki, 2022 yil davomida birgina “Yoshlar daftari”dan o‘rin olgan 35 nafar yigit-qizni birinchi navbatda ishli qilib, daromad topishiga ko‘maklashdik. Bizda aytish mumkinki, har bir ko‘chada bir usta hunarmandni uchratasiz. Shu bois, ishsiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda ana shunday oilalar ko‘magiga tayanamiz.

O‘rtahovli qishlog‘ida yashovchi Ozoda Teshayeva oliy ma’lumotli pedagog, umumta’lim maktabida yosh avlodga saboq beradi. E’tiborlisi, uning tinib-tinchimasligi, o‘z davrida tikuvchi chevarligi bilan tumanga tanilgan onasi Sayyora Teshayevaning xayrixohligi tufayli tadbirkorlikka qo‘l urgan. Hozirda o‘z hovlisida kelin-kuyovlar sarpolari, shunga o‘xshash liboslarni bejirim tikib tayyorlash sexini ochgan. Kichik korxonasini Xitoydan keltirilgan zamonaviy uslubdagi matoga gul solish – avtomatlashtirilgan “vishevka” bosish uskunasi bilan jihozlagan. Tadbirkor mahallada qo‘li tikuvchilikka rom bo‘lgan o‘ttizga yaqin ayolni ishga qabul qilgan. Ularga 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha oylik maosh tayinlagan. Muhimi, qo‘li ostidagilarning aksariyati shu kunga qadar ishsiz va daromadsiz edi. Bugunga kelib kichik korxonada ish qizg‘in, buyurtmaning keti uzilmaydi. Ozoda Teshayeva esa endilikda o‘zi mehnat qilayotgan 33-sonli umumta’lim maktabida chevarlik to‘garagini ham yo‘lga qo‘yib, yosh shogirdlarini tayyorlamoqda.  

Ahmadxon qishlog‘ida istiqomat qilayotgan chevar Kamola Turdiyeva keyingi yillarda qishloqdoshlar talablaridan kelib chiqib yoshlarbop sport kiyim-kechaklari va sport sumkalari tikib chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Uyida 3 ta zamonaviy tikuv mashinasini o‘rnatib, qo‘ni-qo‘shni xotin-qizlardan kamida 5 nafarini band qilmoqda. Albatta, ular faoliyati va qo‘lga kiritayotgan daromadi ham chakki emas.  

Usto ko‘cha qishlog‘ilik Normurod Otajonov hamda uning amakivachchasi Nusrat Otajonovlar otakasb – temirchilik etagidan mahkam tutib, kam bo‘lmagan. Ular ustaxonalarida ketmon, belkurak, bolta–tesha deysizmi, o‘roq yoki pichoqlargacha istalgan o‘lchamda yasattirib olish mumkin. E’tiborlisi, bugunga kelib bu ustalarning har biri 4-5 tadan shogird tayyorlagan. Albatta, har kuni temirchiga ishi tushib yo‘qlab kelayotgan buyurtmachilar tufayli sangdon ovozi tinmaydi.

Shu qishloqda temir yoki metall profillardan yengil konstruksiyali stol–stul, bolalar kravatlari yasashni puxta o‘zlashtirgani ortidan ustaxona ochgan mohir payvandchi Feruz Rahmonovni hozirda butun mahalla yaxshi biladi. Yosh usta yigitning o‘zi qo‘shni Ko‘hna Oqrabot qishlog‘idan. U metallga shakl berish uskunasini vodiy viloyatidan keltirib o‘rnatgan. Turar joy va xonadonlar uchun tayyorlab berayotgan o‘rindiq va stollari, bolalar kravatlari bejirim va zamonaviy ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Muhimi, Feruz Rahmonov shu hunarga qiziqib kelayotgan shogirdlari bilan birga ishini rivojlantirmoqda.

Ko‘hna Oqrabot qishlog‘ida yashovchi Valijon Rahmonovning kasbi-kori – beshiksoz usta. Har bir hunarmand kabi u ham o‘z ishiga mehr va alohida ijodkorlik bilan yondashishga odatlangan. Albatta, u bu hunarni e’zozlab kelayotgan beshiksozlar oilaviy sulolasining davomchisi. O‘z davrida Valijonning otasi Mo‘min Rahmonov ham turfa ko‘rinishdagi pishiq va baquvvat yog‘ochlardan yasagan beshiklari bilan tumanga tanilgan. Shak-shubha yo‘qki, buyurtmalarga “ko‘milgan” ham. Bugunga kelib esa nafaqat mahallada, balki o‘nlab qishloq va hatto qo‘shni tumanlarda aynan Rahmonovlar qo‘lidan chiqqan bejirim beshiklarni uchratish mumkin. Valijonning qo‘li ostida hozirda o‘ndan ortiq shogird bu hunar sirini o‘rganmoqda.

Darvoqe, ko‘psonli aholisi nisbatan zich yashayotgan Xalqobod mahallasida 75 nafar jajji o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olgan 55-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi, yana boshqa qishloqlarda har biri 20–30 o‘rinli quvvatga ega 6 ta uy bog‘chasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning aksariyatida bolajonlar uchun chevarlar qo‘li bilan shu mahallada tikib tayyorlab berilgan yumshoq o‘yinchoqlar, ertak qahramonlari, turli qo‘g‘irchoqlarni ko‘rish mumkin. Bu Ko‘hna Oqrabot qishlog‘ida yashovchi chevar qiz Sanobar Usmonovaning mehnati va jonbozligi samarasidir. Ayni kunda Sanobar talaba, Buxoro davlat universitetida boshlang‘ich sinflar pedagogikasi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqda. Bu ijodiy ishda tikish-bichish bilan birga, uning rasm chizish, dizaynerlik qobiliyati ham namoyon bo‘lmoqda. Muhimi, endilikda Sanobar ham o‘z shogirdlariga ega bo‘lib bormoqda.

Zarif Komilov, O‘zA