
Huquqiy munosabat
So‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarining mulkiy huquqlarini kafolatlash va asossiz aralashuvlarning oldini olish borasida bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda. Bu borada Biznes-ombudsman tomonidan ham tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ushbu huquqlar hamda qonuniy manfaatlarga davlat organlari tomonidan rioya etilishi uchun kafolatlar berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Xo‘sh, qonunchilik hujjatlari bilan tadbirkorlarga qanday yangi imkoniyatlar berildi? Jumladan, mansabdor shaxslarning qonunga xilof harakatlari natijasida tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan zarar qanday qoplanadi? Bu boradagi savollarga Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori Omonjon Arabov javob berdi.
— Tadbirkorlarga yer va bino-inshootlarni muhofaza qilish, mulkiy huquqlarni kafolatlash, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, mulkiy zararning o‘rnini qoplash hamda yer uchastkalarini xususiy sektorga berish kabi islohotlar jadallik bilan amalga oshirildi, – deydi O.Arabov. – Tadbirkorlarning mulkiga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish hamda himoyalash uchun davlat organi yoki mansabdor shaxsning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi tadbirkorlik sub’ektining qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, faqatgina sud tartibida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, davlat organlarining noqonuniy qarorlari yoki mansabdor shaxslarning qonunga xilof harakatlari natijasida tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan zarar sud qarori asosida bevosita shu davlat organining o‘z mablag‘i hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yildi.
Birgina, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish bo‘yicha hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinishini ham yerga oid munosabatlarda iqtisodiyotni liberallashtirish va davlat boshqaruvini qisqartirishga qo‘yilgan yana bir qadam desak bo‘ladi.
Bu esa davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisno asosida belgilash tashabbusi bilan chiqishni taqiqlaydi. Yerlar barcha uchun bir xil va shaffof tartibda ajratilishi yerlarni talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish holatlarining kamayishi hamda yer sohasida jamoatchilik nazoratining ortishiga olib keladi.
Natijada yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish uchun «E-AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirish ta’minlanadi. Vakil devoni tomonidan «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali tadbirkorlarning murojaatlari doimiy ravishda tahlil etib borilmoqda.
Bundan tashqari, 2022 yilda tadbirkorlik sub’ektlaridan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkasi va bino-inshootlar uchun kompensatsiya to‘lovlarini olish bo‘yicha sudlarga 9 ta da’vo ariza kiritilib, tadbirkorlar foydasiga 3 milliard 772 million so‘m undirilgan.
Jumladan, Xovos tuman hokimligining mas’ul mansabdor shaxsi tadbirkorga tegishli yer maydonini zaxiraga olib qo‘yilishida belgilangan tartibni buzib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik sodir etgani uchun sud qarori asosida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyat organlariga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 2 ta taqdimnoma kiritilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlagan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA