
Joriy yilning 1 mayidan 1 dekabrga qadar portalga jami 5 ming 189 ta murojaat kelib tushgan, shundan 4 ming 632 tasi ko‘rib chiqilgan va qolgan 557 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Biznes ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Jamshid Hasanov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, murojaatlarning asosiysi qismi moliyalashtirish va kredit, yer maydoni yoki bino ajratish, infratuzilmaga ulanish va soliq ma’muriyatchiligi masalalariga tegishlidir. Murojaatlarning aksariyat qismi Toshkent shahri (18 foiz), Qashqadaryo viloyati (16 foiz), Surxondaryo viloyati (12 foiz) va Samarqand viloyatiga (9 foiz) to‘g‘ri keladi.
«Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. O‘rganish davomida mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan jami 1 ming 208 ta murojaat shundan 647 tasi tadbirkorlik sub’ektlar murojaati bo‘lib, ko‘rib chiqish muddati buzilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 124 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda tegishli idoralarga 3 ta taqdimnoma kiritildi. Qolgan 444 ta tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarning muddati buzilgan murojaatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga xat kiritildi.
Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 12,3 milliard so‘mdan oshiq kredit ajratilishi, 7,4 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘langan soliq summalari qaytarilishi hamda 3,7 milliard so‘m debitor qarzdorlik undirilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA