
Qishning ayozli kunlarida tabiiy gaz bilan birinchi navbatda aholini ta’minlash dolzarb vazifa. Ammo tarmoqlarga tarbirkorlarning noqonuniy ulanishi uchrayotgani tufayli gaz bosimining pasayib ketishi yoki o‘chib qolishi holatlari uchrab turibdi.
“Qibraytumangaz” bo‘limi mas’ul shaxslari o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, aholiga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish va gaz iste’moli doimiy monitoringini o‘tkazish choralarini ko‘rmagan.
Oqibatda “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Yu.X. o‘z xonadonidagi issiqxonani tabiiy gaz quvuriga o‘g‘rilik yo‘li bilan yashirincha ulagan. 592,1 ming metr kub tabiiy gazni noqonuniy iste’mol qilib, davlat va jamiyat manfaatlariga 561,2 million so‘m zarar yetkazgan.
Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.
Departamentning Qiziltepa tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “G‘oyibon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Z.S. tabiiy gaz tarmog‘iga yer ostidan rezina quvur orqali yashirin ulanib, metall eritish faoliyati bilan shug‘ullangan. Bu bilan davlat va jamiyat manfaatlariga 244,1 million so‘m zarar yetkazgan.
Departament matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik), 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA