English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvning qadri haqida ayrim mulohazalar
11:18 / 2023-10-17

Dolzarb mavzu

Surxondaryo viloyatida aholining iste’mol qilgan toza ichimlik suvi uchun o‘z vaqtida to‘lanmagan qarzi joylarda o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari orqali undirilayotir. Qarz to‘lanmasa, sud tartibida undirish choralari ko‘rilmoqda.

Dunyodagi barcha mavjudodlar suv bilan tirik. Shu bois o‘tmishdan insoniyat ob-hayotni tabiatning shifobaxsh ne’mati, bebaho boyligi sifatida qadrlagan. Toza, chuchuk suv mavjud yerlarda hayot kechirishga intilgan. Biroq uzoq yillar ichimlik suvi zaxiralari ko‘zimizga tuganmasdek ko‘rinib, tiriklik manbaimiz bo‘lgan ob-hayotni tejab ishlatishga loqayd munosabatda bo‘ldik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ydik. Oqibatda sayyoramiz tabiat injiqliklari-yu, toza ichimlik suvi zaxiralari taqchilligiga yuz tutdi. Bu holat endilikda bizning yurtimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani sir emas.  

O‘tgan yili bahorda Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘ida bo‘lib, bu yerdagi shifobaxsh buloq suvi bilan qiziqdim. Buloqqa temir darvoza o‘rnatib, mushtdek qulf osib qo‘yishibdi. Yaqin yillarda ham kumushdek tovlanib oqib turadigan shifobaxsh ob–hayotni bilakdek quvur orqali soy bo‘yida barpo etilgan beton hovuzga yo‘naltirishibdi. Dardiga davo izlab, uzoq–yaqindan kelgan mehmonlar ana shu hovuzdan suv olib, iste’mol qilmoqda...  

Mabodo eshitgandirsiz, balki yo‘lingiz tushib kelgandirsiz ham. Oltinsoy tumanida Xo‘jaipok degan mashhur ziyoratgoh bor. Baland toqqa tutash bu yerdagi g‘ordan bir ariq oltingugurtli shifobaxsh suv oqib turar edi. Bu maskanda ko‘p bo‘lganman. Shu yil yozda yana yo‘limiz tushdi. G‘or bo‘yida bir zum nafas rostladik. Afsuski, oltingugurtli suv oldingi yillarga nisbatan kamayib qolgan. G‘orda oqayotgan shifobaxsh muzdek suvning shashti ancha past. Oltingugurt hidi ham avvalgi yillardagidek g‘orga yaqinlashmaganungizcha dimoqqa  urilmaydi...

Oltinsoy tumanidagi Keraga tog‘ining yon bag‘rida joylashgan Katta Vaxshivor va Bodihavo qishloqlari tepasida Qo‘tirbuloq nomli chashmada ham ko‘p bo‘lganman. Avvallari bu yerdagi suvning badandagi yaralarga shifoligini aytishar edi. Keyinchalik uning qandli diabetga ham davoligi to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqaldi. Bahor va yoz faslida odamlar bilan gavjum bo‘ladigan buloqning boshqa suv manbalaridan farqi shundaki, bu yerda yil o‘n ikki oy obi hayot oqib turmaydi. Har yili mart oyi o‘rtalarida zilol suv paydo bo‘lib, avgustning so‘nggi o‘n kunligi yoki sentyabri oyida buloq qurib qoladi. Shu yil yoz chillasida borganimizda buloq suvsizlikdan qaqrab yotganiga duch keldik. Har yili besh-olti oy shifobaxsh ob-hayot sizib turadigan buloqda qariyb uch oygina suv bo‘lgani, albatta, tashvishli holat.  

Aytayotganlarimiz toza, shifobaxsh va zilol tiriklik manbai serob, deya ko‘riladigan Surxon vohasining bugungi yerusti suvlari qay darajaga kelib qolayotganiga bir misol, xolos.  

Mavridi kelganda yana bir so‘zni aytay: shu yil referendum va muddatidan ilgari Prezident saylovi munosabati bilan bir necha oy Termiz davlat universitetining Axborot–resurs markazida bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi. Chunki, har ikkala okrug ham zamonaviy ana shu binoda joylashgan edi. Ertalab bu yerga kelgach, jumrakni ochsak, mayda qum zarralari aralash suv oqishi bizni ajablantirdi. So‘rab-surishtirsak, ta’lim muassasasidagi artezian qudug‘i suvi oldingi yillarga nisbatan ancha pastlab ketibdi...  

Shu o‘rinda bu so‘zamollikning mavzuga qanday aloqasi bor, deyishingiz mumkin. Bilasizmi, suvchilar obi hayotning yildan–yilga kamayib borayotganidan ham, foydalanilgan suv uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganidan ham tashvishga tushmoqda, aziyat chekmoqda. Chunki, yer osti artezian quduq suvi pastlab ketsa, uni qayta burg‘ilab, chuqurroqdan suv olishga to‘g‘ri keladi. Suv inshootlarida avariya holati yuz bersa yoki yaroqsiz holga kelgan quvurlarni almashtirishga to‘g‘ri kelsa, ehtiyot qism zarur. Iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat uchun ishchi-xodimlarga oylik maosh ham to‘lash lozim. Bularning barchasi mablag‘siz hal bo‘lmaydi.

Soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, mahalla faollari va boshqa idoralar xodimlari hamkorligida uyma-uy yurib, ichgan suvingiz pulini to‘lab qo‘ying, deya ogohlantirishlarini ko‘z oldimga keltirar ekanman, tirikligimiz manbai sayyoramizga soya solayotgan bir paytda iste’mol qilayotgan obi hayotimiz uchun haq to‘lashga og‘rinayotganimiz, insoniyat yaroqli ichimlik suvi taqchilligi ostonasida turgan ayni damlarda hanuz undan oqilona foydalanishni o‘ylamayotganimiz, suvchilar mehnatini nazarga olmayotganimiz kishini o‘ylantiradi.  

To‘g‘ri, kishini  mushohada yuritishga undaydigan bu vaziyatning kelgusi oqibatlarini chuqur his etmayotganimizning yana bir sababi bo‘lishi mumkin. Zero, mamlakatimizda muammoning oldini olish uchun keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Shunga muvofiq Surxon vohasida ham aholining toza ichimlik suviga ehtiyojini qondirish maqsadida yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan To‘palang suv omboridan olib kelinayotgan minerallarga boy ichimlik suvi 500 ga yaqin mahalladagi 1 million 700 mingdan ortiq aholining suv ta’minotini tubdan yaxshilaydi. Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasi hududida qazilayotgan artezian quduqlari to‘liq ishga tushsa, viloyat markazi va Termiz tumanidagi 62 ming iste’molchining toza ichimlik suvi muammosini hal etadi. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich yuzga yaqin artezian qudug‘i qazilib, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eskirgan suv minoralari va suv quvurlarini yangilab, iste’molchilarga sifatli ob-hayot yetkazib berish choralari ko‘rilayotir. Bu loyihalarning har birini ruyobga chiqarishga milliard-milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Afsuski, biz eshigimiz tagida oqayotgan ob-hayotning qadriga yetmayapmiz. Uni isrof qilishdan tashqari bizni ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlayotgan korxonalar xizmati uchun o‘z vaqtida haq to‘lashni ham o‘rganolmayapmiz.

Maxsus reydlar o‘tkazib, iste’molchilardan debitor qarzdorlikni undirish masalasiga kelsak, “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 256 ming 950 aholi xonadoni va 4 ming 136 tashkilot, muassasa va korxonaga ichimlik suvi va oqova suv xizmati ko‘rsatiladi. Yilning o‘tgan davrida sohada 51 milliard 799 million so‘mlik debitor qarzdorlik paydo bo‘lgan. Bu mablag‘ning 48 milliard 755 million so‘mi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda.  

Prezidentimizning joriy yil 22 sentyabrdagi aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar doirasida shu kungacha viloyatda qariyb 33 ming iste’molchiga 33 milliard so‘mlikdan ziyod qarzdorlik uchun ogohlantirish xati tarqatildi. 8 ming 447 iste’molchi 2 milliard 500 million so‘mga yaqin qarzdorligi uchun tarmoqdan uzildi. Shuningdek, yuzta korxona va muassasaga 134 million so‘m qarzdorlik uchun ogohlantirish xati berilib, 9 ta tashkilot 127 million so‘mlik muddati o‘tgan qarzi uchun tarmoqdan uzib qo‘yildi. Iste’molchilardan qariyb 7 milliard so‘m qarzdorlik undirildi.  

–Iste’molchilar bir necha marta ogohlantirilgach ham yuzaga kelgan qarzini to‘lamasa, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, tarmoqdan uzib qo‘yilmoqda,–deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Abdumutalib Arabov.–Bunga ham parvo qilmagan iste’molchilardan sud tartibida undirish choralari ko‘rilmoqda. Birgina misol: Termiz shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari chog‘ida 168 qarzdor iste’molchi tarmoqdan uzib qo‘yilgach, mavjud qarzini to‘ladi. 260 iste’molchining qarzini undirish yuzasidan sudlarga davo arizasi kiritildi. Bu ishlar barcha tumanlarda ham olib borilmoqda.  

Mutaxassislarning aytishicha, inson ovqat tanovul qilmasdan uch oygacha, suvsiz salqin kunlarda 11 kungacha, issiqda atigi uch-to‘rt kun yashashi mumkin ekan. Demak, muhim tiriklik manbaimiz iste’moli uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bilan birga uni isrof qilmasdan, tejab foydalanishni ham hayotning o‘zi talab etmoqda. Mavjud suv zaxiralari umummilliy boyligimiz ekanini unutmasligimiz kerak.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri