
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining Qirg‘izistonga chegaradosh qismida joylashgan Isfayram-Shohimardon irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli “Polmon” suv taqsimlash inshootiga bu yil suv bor oy kechikib keldi.
Bu gidrouzel Farg‘ona viloyatining 6 tumaniga suv yetkazib beradi. Bog‘dorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan Quvasoy shahri, Farg‘ona, Quva, Toshloq, Oltiariq, Yozyovon tumanlarining 40 ming gektar ekinzorlari undan suv ichadi. Shu kunlarda gidrouzelning yigirmadan ziyod ishchilari tumanlarga suv yetkazib berishda jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash lozim.
– Suv tanqisligi yil sayin ortib borayotgani ma’lum, - deydi “Polmon” suv taqsimlash inshooti boshlig‘i Hokimjon Murodbekov. – 2022 yilning 14 may kuni gidrouzelga Qirg‘izistondan suvning kelishi birdan ko‘paygan edi. Bu yil esa 8 iyungacha 1 kubometrga yetib-yetmay kelib turgan suv birdaniga 7, keyingi kunlari 11-12 kubometrga ko‘payganidan boshimiz osmonga yetdi. Endi chanqashga kelib qolgan g‘o‘za qator oralariga tog‘ning toza suvi ochildi. Shahar va tumanlar irrigatsiya bo‘limlari, maxsus bo‘limlar, fermer xo‘jaliklari suvchilari sug‘orish shtablariga birlashib, ishga kirishdilar.
[gallery-12857]
Shu kunlarda “Polmon”ga borgan kishining ko‘ngli yayraydi. Gidrouzelning keksa, tajribali xodimlaridan Muhammadali Arziqulovning so‘ziga qaraganda, “Polmon”dan suv oladigan tuproq o‘zanli kanal va soylarning betonlashtirilishi ayni zaruratdir. Ana o‘shanda suv isrofgarchiligining oldini olish evaziga ham juda katta tejamkorlikka erishsa bo‘ladi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA