
Prezidentimizning 2022 yil 12 apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, voha hududidan o‘tgan viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga qarashli umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari xatlovdan o‘tkazilib, tegishli tartibda kadastr pasporti topshirilmoqda.
– Viloyat hududida 2 ming 843 kilometr avtomobil yo‘li mavjud, –deydi Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i A.Xolboyev. – Hozirgacha 2 ming 500 kilometr yo‘lning kadastr pasporti shakllantirilib, UzKard dasturiga tushirilgan 2 ming 200 kilometri davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, viloyat hududidan o‘tgan 419 kilometr temir yo‘l ham davlat ro‘yxatiga olinib, kadastr pasporti bilan ta’minlandi.

Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 57 ming 916 ta ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olingan. Ularning 26 ming 35 tasi yakka tartibdagi turar-joy binolari, 7 ming 10 tasi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, 15 ming 455 tasi yer uchastkasi va 7 ming 38 tasi noturar ko‘chmas mulk ob’ektlaridir.

Yakunlanayotgan yilda suv xo‘jaligiga tegishli 21 ta kanalning 708 gektar, 40 ta kollektorning 375, 113 ta nasos stansiyasining 118, 4 ta suv omborning 9 ming 364 gektar yer maydoni ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kadastr pasportiga egalik qildi. Viloyatda xatlov davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri