
Surxondaryo viloyatida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi keng nishonlanmoqda.
Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali bo‘y ko‘rsatib turgan muazzam maydon ham erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi, shoirlar, talaba hamda o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Bu yerda so‘z mulkining sultoni tavallud topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari I.Saparov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Allamurodov va boshqalar so‘zga chiqib, Alisher Navoiyning hayoti, boy madaniy merosi hamda ularning bugungi kundagi qadr-qimmati xususida atroflicha fikr yuritdi.
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutadi.

Yuksak umuminsoniy g‘oyalarini tarannum etgan ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan keng namoyon etib, sayyoramizdagi kitob muxlislari qalbidan mustahkam o‘rin egalladi. Har yili adib tavallud topgan kunni keng nishonlash ajoyib an’anaga aylandi.
–Buyuk bobomiz o‘z asarlarida inson qadr-qimmatini ulug‘lab, o‘zligini anglashga undagan shoirlar sultonidir, – deydi Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi Botir Oqbo‘tayev. – Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingani ham Alisher Navoiy ilgari surgan g‘oyalarning farovon, adolatli, ma’rifatli jamiyat barpo etishda inson qadrini ulug‘lash muhim o‘rin tutishini keng namoyon etmoqda. Shu bois ham Hazrat Navoiyning asarlarini shunchaki o‘qish yoki g‘azal va ruboiylarini shunchaki yodlash emas, balki ularning mazmun-mohiyatini teran anglab, unga amal qilish jamiyatni taraqqiyot sari yetaklaydi.

–Men bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy tug‘ilib, kamolga yetgan go‘shada yashayman, – deydi Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Muhammadiy Bekmuhammad. – Ul zot barpo etgan ko‘priklarda yurib, ulg‘ayganman. Ulug‘ ajdodimiz haqida so‘z yuritilganda, uning nafaqat buyuk shoir, balki kuchli siyosatchi, davlat arbobi bo‘lgani har doim dunyo ahli e’tiborini tortib kelgan. Turkiy xalqlar esa Navoiyni “shams ul millat” ya’ni, millat quyoshi, deya ta’riflaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan Termiz tumanida bunyod etilgan va minglab afg‘on yoshlariga ma’rifat ulashayotgan ta’lim markazimizda Navoiy asarlarini yanada chuqur o‘rganish baxtiga erishganimizdan behad mamnunmiz.

Tadbir ishtirokchilari Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, ul zotga hurmat bajo keltirdi. Nafis g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA