English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyatida qurilish materiallari sanoati qay darajada rivojlanmoqda?
15:33 / 2023-03-13

TAHLIL

Surxondaryo viloyatida 2022 yilda qiymati 27,4 million AQSH dollari bo‘lgan 87 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va natijada 602 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Birgina Termiz tumanida «Termiz tezkor qurilish» ITKT tomonidan qiymati 5 million dollarlik yillik quvvati 100 ming kub metr asfalt va beton mahsuloti ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.

Joriy yil esa qiymati 172,6 million AQSH dollar (o‘z mablag‘i – 65,7 million dollar, bank krediti – 60,3 million dollar, xorijiy investitsiya – 46,6 million dollar) bo‘lgan 88 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 405 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zsanoatqurilishbank» mijozlari tomonidan joriy yilda qiymati 11,7 million dollar (o‘z mablag‘i – 6 million dollar, bank krediti – 3,7 million dollar, xorijiy investitsiya – 2 million dollar) bo‘lgan 13 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 216 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgi kunda 4 ta loyihaga («Qiziriq meliorativ quvur» MCHJ – 352,0 ming dollar, «Surxon Bronza Tosh» MCHJ – 120,0 ming dollar, «Xusniya Safarova» MCHJ – 400,0 million so‘m, «Suxrob Baraka Iftixor» XK – 200,0 million so‘m) 522 ming dollar kredit mablag‘i ajratilgan. Qolgan 9 ta loyiha tashabbuskori tomonidan kredit hujjatlari tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilda Uzun tumanida «Alisher» xususiy korxonasi tomonidan qiymati 1 million dollarlik yillik quvvati 90 ming kv.m. temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi.

Sariosiyo tumani «Anorzor» MFY hududida «Sanoat ipotekasi» dasturi doirasida 5 gektar yer maydonida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ushbu sanoat zonasida qiymati 4,4 million dollarlik 8 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada yiliga o‘rta hisobda jami 67,6 milliard so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, shundan 1,1 million dollarlik mahsulot (quruq qorishmalar 172,4 ming dollarlik, dekorativ penoplast panel (tyaga) 190 ming dollarlik, lak-bo‘yoq mahsulotlari 230 ming dollarlik, PVX profillar 378 ming dollarlik, MDF eshiklar 158 ming dollarlik) eksport qilinib, 3,4 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning natijasida 10 milliard so‘m byudjetga tushum tushishiga erishiladi.

QAZILMA BOYLIKLARI

Viloyatda yer osti qazilma boyliklari asosan Oltinsoy, Boysun, Bandixon, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrobod, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatning 12 ta tumanida 83 ta zaxira koni va 89 ta kon uchastkasi mavjud bo‘lib, hozirda 75 ta zaxira kon uchastkasidan foydalanilmoqda (90 foiz), qolgan 14 ta kon uchastkasini «Ye-auksion” elektron savdolari orqali tashabbuskorlarga ajratish ishlari davom etmoqda.

bugungi kunda viloyatda g‘isht-cherepitsa xom ashyosi (21 foiz o‘zlashtirilgan), gips va angidrid (48 foiz), qum shag‘al aralashmasi (63 foiz), devorbop toshlar (66 foiz), ohak ishlab chiqarish uchun ohaktosh (68 foiz), sement xom ashyosi (69 foiz) to‘liq o‘zlashtirilmagan.

Xom ashyo zaxirasidan kelib chiqqan holda loyihalarni shakllantirish choralari ko‘rilmoqda.

EKSPORT VA IMPORT

Surxondaryo viloyati bo‘yicha 2022 yilda jami qiymati 1 million dollarlik qurilish materiallari eksport qilingan. Xususan, sementdan va bog‘lovchi mahsulotlardan qurilish materiallari – 573,4 ming dollar, gulqog‘oz va boshqa qog‘oz buyumlari – 148,3 ming dollar, oyna va oyna mahsulotlari – 75,4 ming dollar, keramika mahsulotlari – 2,3 ming dollar, DSP, MDF plitalar – 219,9 ming dollar.

O‘tgan yili umumiy qiymati 9,5 million dollarlik qurilish materiallari import qilingan. Xususan, portlandsement – 9,5 million dollar, beton va beton mahsulotlari – 34,3 ming dollar, PVXdan quvur va fitinglar – 34 ming dollar, qurilish oynasi – 9,1 ming dollar, lak-bo‘yoq mahsulotlari – 5,5 ming dollar, sanitar keramika – 1,1 ming dollarlik mahsulotlar va 4,9 ming dollarlik shisha tolalar xom ashyosi import qilingan.

«UY-JOY QURILISH» VA «QURILISH MATERIALLARI ISHLAB CHIQARISH» KLASTERLARI

Viloyatda 2 ta yo‘nalishda «Uy-joy qurilish» va «Qurilish materiallari ishlab chiqarish» klasterlari tashkil etilgan. Jumladan, viloyatdagi «Termiz tezkor qurilish» ITKT korxonasi «Uy-joy qurilish klasteri» sifatida tanlab olindi. Ushbu korxona tomonidan 2023 yilda Termiz shahrida 2 ta 7 qavatli (42 xonadonli) hamda 2 ta 5 qavatli (60 xonadonli) uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

– Mazkur klaster va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan bugungi kunda g‘isht (16 million dona), qum-shag‘al (200 ming kub metr), temir-beton mahsulotlari (poydevor bloklari 100 ming dona), suv yo‘li uchun quyma betonlar (12 ming dona), temir-beton plitalari (10 ming dona), beton (8 ming kub metr), quruq qurilish qorishmalari (120 tonna shpaklyovka, rodbon, kley), yo‘lak toshlari (75 ming dona), eshik-romlar (2 000 dona), asfalt (1,2 million kub metr), gazoblok (150 ming kub metr) ishlab chiqarilmoqda, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo filiali bosh ilmiy xodimi Eldor Zayniddinov. – Boysun tumanidagi «Alisher» xususiy korxonasi «Qurilish materiallari ishlab chiqarish» klasteri sifatida tanlab olingan. Mazkur klaster va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan bugungi kunda temir-beton mahsulotlari (yillik quvvat –36 ming kub m), beton qorishmasi (4,5 ming tonna), plastik va taxtali eshik-romlar (600 dona) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda klaster korxona tomonidan qiymati 1,7 million dollarlik yillik quvvati 2 million kv. metr gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Natijada 25 ta ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, klaster tomonidan qiymati 2 million dollarlik quruq qorishmalar va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish (quvvati 6 ming tonna) loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada 88 kishining bandligi ta’minlanadi.

B.MELIQULOVA, O‘zA