English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudya va uning oilasi xavfsizligini Konstitutsiya darajasida kafolatlash qanchalik muhim?
16:24 / 2022-10-04

OAVda yoki turli ijtimoiy tarmoqlarda «sudya zo‘ravonlikka uchradi», «sudyaning daxlsizligiga tahdid qilindi», «sudyaning ishiga aralashishga harakat qilindi» mazmunidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi.

Shu o‘rinda aniq misollarga to‘xtalsak, 2021 yil 13 aprel kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi xizmat vazifasini bajarayotgan paytda unga nisbatan ishga aloqador bo‘lmagan shaxs jismoniy kuch ishlatadi. Sudyaning qo‘lidagi shaxsiy mobil telefonini tortib oladi va uni yerga urib, qasddan sindiradi. Shuningdek, jamoat joyida qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlaydi.

Sudyalar oliy kengashining taqdimnomalariga asosan qisqa vaqtda sudyalar faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha ikkita jinoyat, ikkita ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan qonun doirasida jazo choralari tayinlangani ham bu borada konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazishga zaruriyat borligini ko‘rsatmoqda.

Odil sudlov va sud mustaqilligini ta’minlashning muhim sharti nima? Shubhasiz, sudyalar xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Sudya o‘zini xavfsiz his etmas ekan, odil sudlov haqida ham, mustaqil sud hokimiyati haqida ham gap bo‘lishi mumkin emas.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishidan biri – sud tizimini isloh qilishga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas.

Qolaversa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasida «har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo‘yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanini aniqlashi uchun to‘liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqiga ega»ligi to‘g‘risida qoida belgilangan.

O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalarda, xususan, 1966 yildagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarida hamda BMT rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan «Sud hokimiyati mustaqilligining asosiy tamoyillari»da, shuningdek, Venetsiya komissiyasi va YeXHTning qator hisobotlarida davlatning sudyalar mustaqilligini ta’minlash borasidagi majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Sudyaning mustaqilligini ta’minlashda indemnitet huquqi muhim rol o‘ynaydi. Indemnitet huquqi deganda nafaqat sudyaning moddiy va ijtimoiy ta’minoti, balki xavfsizligini ta’minlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Konstitutsiyaning 112-moddasiga ham yangi qismni qo‘shish, ya’ni “Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi», degan tahrirda qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda.

Tabiiyki, hamma ham sudya tomonidan qabul qilingan qarorlardan rozi bo‘lavermaydi. Hukmdan norozi bo‘lgan sudlanuvchi yoki uning tarafdorlari, qarorlardan norozi bo‘lgan javobgarlar tomonidan sudya va uning oilasi yoki mulkiga nisbatan xavf solinishi ehtimoli mavjud. Mana shunday vaziyatlarda sudya va uning oilasi xavfsizligini ta’minlash davlat tomonidan kafolatlanishi zarur. Qachonki sudya va uning oilasining xavfsizligi ta’minlansa, sudyada halovat bo‘lsa, xotirjamlik va tashqi turli tazyiqlardan xoli bo‘lsa, adolatli va ob’ektiv qarorlar qabul qiladi.

Mazkur normani kiritishga zaruriyat shundan iboratki, avvalo, sudyalarning qaror qabul qilishdagi shaxsiy mustaqilligi ta’minlanadi, shuningdek, nafaqat sudyalar, balki ularning oila a’zolari xavfsizligi davlat tomonidan ta’minlanishi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi.

Sudyalar va ularning xavfsizligiga nisbatan sodir etiladigan noqonuniy xatti-harakatlar nafaqat sudyalar korpusiga yoki muayyan sud institutiga, balki davlatda shakllangan sud-huquq tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, sudyalar daxlsizligini ta’minlash shaxsiy imtiyoz emas, balki mustaqil va odil sudlovni ta’minlashning vositasi va majburiy zaruratidir. Shu o‘rinda aniq misollarga to‘xtalsak, ushbu o‘zgartish natijasida 1300 nafarga yaqin sudya hamda ularning 10 ming nafarga yaqin oila a’zolarining xavfsizligi davlat tomonidan ta’minlanishi Konstitutsiya darajasida kafolatlanadi.

Zero, sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, davlat va jamiyat rivojlanmaydi, xalqimiz ham qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilmaydi. Ya’ni barcha huquqiy davlatlar qatori O‘zbekistonda ham har bir shaxs huquqlarini shaxslar emas, qonun, odil sud himoya qila olishiga erishmog‘imiz lozim.

Ayniqsa, har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrning o‘tkir talablaridan biridir. Bu esa, shak-shubhasiz sudyalarning chinakam mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil ravishda takomillashtirib borishni taqozo qiladi.

Sudya ishiga har qanday aralashuv yoki o‘zi va oila a’zolari xavfsizligi uchun doimiy xavotirda bo‘lishi odil sudlov faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi. Sudyaga o‘zining va oilasining xavfsizligini o‘ylamasdan faqat qonun va ichki vijdoniga asoslangan holda qaror qabul qilish uchun sharoit yaratib berilishi shart. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat bo‘lishi»ga erishish uchun davlat sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashi shart.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash masalasi davlatning majburiyati sifatida Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi sudyalar mustaqilligi va odil sudlov tizimining konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Ixtiyor BEKOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti 

professori, yuridik fanlar doktori