English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport: Kutilgan va kutilmagan natijalar
08:35 / 2022-11-18

O‘tayotgan hafta xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan mamlakatimiz sport jamoalari uchun natijalarga boy bo‘ldi.

Bokschi yigitlarimiz Iordaniyada poyoniga yetgan qit’a chempionatida O‘zbekiston boksi qit’ada tengsiz ekanligini yana bir karra namoyish qildi. 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan 30 ga yaqin mamlakat terma jamoalari orasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Taekvondochilarimiz Meksikada o‘tayotgan jahon chempionatida 1 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda "Parij – 2024" olimpiadasi uchun muhim reyting ochkolarni jamg‘arayotgan bo‘lsa, 12 nafar o‘g‘il va 8 nafar qizlardan iborat yosh bokschilarimiz Ispaniyada yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishonchli harakat qilmoqda. 

Yurtimiz yosh bokschilari bugungacha saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tib, medallar uchun kurashning qizg‘in pallasiga yaqinlashmoqda.

Dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan umidli charm qo‘lqop vakillari qatnashayotgan musobaqalar Ispaniyaning La Nusiya shahrida 26 noyabrga qadar davom etadi.

Xabar berganimizdek, Janubiy Koreyaning Tegu shahrida o‘q otish bo‘yicha yakunlangan qit’a chempionatida 6 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchi yoshlarimiz umumjamoa hisobida Hindiston va Janubiy Koreya vakillaridan keyingi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, shaxmatchilarimiz 19 noyabr kuni Isroilda jamoalar o‘rtasida bo‘ladigan jahon chempionati bahslariga kirishadi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan dunyoning eng kuchli 12 ta davlati terma jamoalari o‘rtasida tashkil etilayotgan chempionatda mamlakatimiz shaxmatchilari “B” guruhida Ozarbayjon, Hindiston, Isroil, Polsha, AQSH jamoalari bilan bahs olib boradi. “A” guruhida esa Xitoy, Fransiya, Niderlandiya, Janubiy Afrika, Ispaniya va Ukraina jamoalari kurashadi. Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari 26 noyabr kuni aniqlanadi.

Turkiyaning Anqara shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda yurtimiz polvonlari 10 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallariga musharraf bo‘ldi.

Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida bo‘ladigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘rayotgan og‘ir atletikachilarimizning Turkiya sport supachasida ushbu muvaffaqiyatga erishishida mahoratli atletlarimiz Adhamjon Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Nigora Abdullayeva, Rigina Adashboyeva hamda Tursunoy Jabborova kabi sportchilar munosib hissa qo‘shishdi.

Ortda qolayotgan hafta sarhisobiga ko‘ra, yurtimiz sportchilarining xalqaro sport maydonlaridagi g‘alabali odimlari natijasida Meksika, Janubiy Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston kabi o‘ndan ziyod davlatda madhiyamiz yangrab, O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘ldi.

E’tibor berilsa, o‘tayotgan hafta boks, og‘ir atletika, taekvondo, o‘q otish sport turlaridagi vakillarimizning g‘alabali damlariga boyligi bilan ajralib turdi. Xo‘sh, kelayotgan hafta qaysi sport turida munosib yutuqlarga erishamiz-u, qaysi birlarida yangi rekordlar va shov-shuvli ko‘rsatkichlar qayd etiladi? Bu endi vaqt hukmiga havola. Ammo, kelgusi kunlardan Qatarda futbol bo‘yicha boshlanayotgan jahon chempionatida ishtirok etayotgan 32 ta mamlakat terma jamoalaridan biri O‘zbekiston bo‘lmasa-da, ushbu shiddatli bahslarni zo‘r hayajon bilan kuzatish asnosida Vatanimiz futbol jamoasi qachonlardir ular qatorida bo‘lishini niyat qilib, hur bayrog‘imizni Qatar yashil maydonlari uzra hilpiratadigan jonfido yurtdoshlarimiz ham borligi ko‘ngilga taskin bermoqda.

Yuqorida aytganimiz, jahon sport maydonlarida yurtni ulug‘lashdek shukuhli onlar Vatanimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imiz qabul qilingan kunning 31 yilligini qarshilagan damlarda ro‘y berayotganligi yanada o‘zgacha mazmun kasb etmoqda. 

Bu sharaf, Vatan nomini ulug‘lashdek g‘ururli chog‘lar kelgusi haftada Ispaniya, Qatar, AQSH, Meksika, Isroil, Hindiston kabi davlatlarda boks, taekvondo, professional boks, kurash, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha o‘tadigan turnirlarda, chempionatlarda bardavom bo‘lishi shubhasiz. Zotan, olovqalb sportchilarimizning qalb qo‘ridagi ezgu niyati ham shu. 

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA