English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport kurashlari: “Toshkent-2025” o‘yinlarida qatnashadigan yoshlar saralandi
15:37 / 2023-03-04

Poytaxtimizda o‘smirlar o‘rtasida “Toshkent-2025” yozgi Osiyo o‘yinlari hamda 2026 yilgi o‘smirlar Olimpiadasiga munosib sportchilarni saralash maqsadida o‘tkazilgan sport kurashlari bo‘yicha “Rahbar kubogi” turnirida mamlakatimizning mahoratli yosh sportchilari ishtirok etdi.

Erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tarbiyalanuvchilari ishtirokida tashkil etilgan “Rahbar kubogi” musobaqasida 264 nafar yoshlar qatnashdi. O‘ziga xos yoshlik shiddati ufurib turgan bellashuvlarni 20 nafar hakamlar guruhi boshqarib bordi.  

Yunon-rum va erkin kurash bo‘yicha 10 tadan vazn toifasidagi musobaqalarda o‘z vaznlarida Alibek Qo‘ziyev, Shahboz Yarashev, Ulug‘bek Rashidov, Elyorbek Tillaboyev, Aslbek To‘yev, Behruz Valiyev, Humoyun Erkinov singari yoshlar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Medallar jamg‘arish borasida erkin va yunon-rum kurashida umumjamoada Toshkent yoshlari 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, erkin kurashda sovrinli o‘rinlar Buxoro va Navoiy viloyati vakillariga, yunon-rum kurashida Farg‘ona va Chirchiq shahri jamoalariga nasib etdi.  

– Musobaqalarda 250 nafardan ziyod yosh sportchilar qatnashgan bo‘lsa, ularning 80 nafari sovrinli o‘rinlarni egalladi. Eng muhimi, sport kurashlari bo‘yicha o‘nlab iste’dodlar kashf etildi. Aynan ushbu musobaqada mahoratini namoyish etganlar orasidan kelgusida “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoalar shakllantiriladi, – deydi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori Abror Mamadaliyev.  

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari qimmatbaho sovg‘alar, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA