English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘x tumani: daxldorlik va ishonch bo‘y cho‘zgan maskan
10:11 / 2022-08-08

Farg‘ona viloyatida mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan So‘x tumanida shunday tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Unda Ma’naviyat va ma’rifat markazi hududiy bo‘linmalari rahbarlari, shoir va yozuvchilar, targ‘ibotchilar ishtirok etdi.

Azaldan purviqor tog‘lari-yu betakror va fusunkor tabiati, mehnatkash va mehmondo‘st odamlari, she’riyatga, adabiyotga ishtiyoqi baland ijodkorlari bilan dovruq qozongan so‘xliklar mehmonlarni tantanali tarzda kutib oldi. E’tiborlisi, mazkur tadbirni nafaqat hokimiyat va mas’ul idoralar vakillari, o‘quvchi yoshlar, faol xotin-qizlar, fermer va tadbirkorlar, bog‘bon dehqonlar, qo‘yingki, barcha soha vakillari intiqlik bilan kutgan ekan. Zero, yurtimiz istiqlolini mustahkamlash, vatan ravnaqi va taraqqiyoti uchun xizmat qilish, unga ozgina bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shish bugun har bir so‘xlik qalbidagi ulug‘vor tuyg‘uga aylangan. 

Dastlab bir piyola choy ustida dildan suhbat qurildi. Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari ijrosidagi diltortar kuy-qo‘shiqlar, ijodkor o‘quvchilar tomonidan aytilgan Vatan, istiqlol haqidagi she’rlar barchaga yuqori kayfiyat ulashdi. Tadbirda so‘z olganlar buyuk istiqlolimiz taqdim etgan tengsiz ne’mat – tinchlik va xotirjamlik, keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, So‘x tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida to‘lqinlanib gapirdi. Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining fuqarolar qalbida yuz ko‘rsatayotgan g‘unchalari, yurt ishiga kamarbasta bo‘lib kelayotgan so‘xlik fidoyi insonlar tashabbuslari borasida so‘z bordi.

 Ayniqsa, tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayevning barchani istiqlol bayrami bilan qutlab, so‘zi yakunida sevimli shoirlar satrlarini mahorat ila yoddan o‘qib bergani tadbir ishtirokchilarini hayratga soldi. Tuman rahbarining adabiyotga, she’riyatga oshnoligidan ham bilsa bo‘ladiki, hududda ma’naviy-ma’rifiy sohada yanada yuksalish bo‘y ko‘rsataveradi, qalbi ezgulikka limmo-lim so‘xliklar yaratish-yashnatish ishqida bor kuch-g‘ayratlarini sarflayveradi. Tuman madaniyat markazida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faol xotin-qizlar, maktab rahbarlari va tadbirkorlar ishtirokida “So‘x tumani: ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samaradorligi” mavzusida amaliy ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar guruhi rahbari Shavkat To‘ychiyevlarning ma’ruzalari, fikr-mulohazalari tinglandi. Ochiq va samimiy muloqot davomida seminar ishtirokchilarining faolligi sezilib turdi. Oldinda kutib turgan dolzarb vazifalar xususida kelishib olindi. 

– Balandparvoz gaplardan voz kechish payti keldi, tezroq amaliy ishlarga o‘tish, har bir mahalla, har bir xonadonga kirib borib, odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, yoshlar ongi va shuuriga salbiy ta’sir etayotgan vayronkor g‘oyalarga qarshi kurashish, mahalla, maktab va oila hamkorligini yuqori bosqichga olib chiqish kerak. Bu ishlarda mahalla faollari, oqsoqollar, ziyolilar va ma’naviyat targ‘ibotchilarining o‘rni katta, – dedi M.Sulaymonov. 

Tadbirda Farg‘ona politexnika instituti birinchi prorektori, iste’dodli shoir Mirzohid Botirov o‘zining Vatan, ona, erk haqidagi she’rlarini aytib berdi. Institutda tahsil olayotgan so‘xlik talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ijodkorlar uchun alohida e’tibor va rag‘bat xususida gapirdi. 

Seminar yakunida bir guruh ma’naviyat targ‘ibotchilari hamda sohada fidoyilik ko‘rsatayotgan mas’ullar Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan tashakkurnomalar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, kitoblar tarqatildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari bilan tanishishdi. Shuningdek, “Chashma” bulog‘i, “Hazrat Ali” ziyoratgohiga sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Ikki kun davom etgan ma’naviyat tadbirlari davomida dil izhorlari, mushoiralar, kuy-qo‘shiqlar sadosi tog‘larda jarang sochdi. Ko‘ngillar ko‘ngillardan suv ichdi. El aziz, inson aziz bo‘lgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi jo‘sh urdi. Bu jo‘shqinlik toshlardan toshlarga urilib, ko‘pirib oqayotgan So‘x soyi mavjlarida aks etdi. Mehmonlarni qo‘yib yuborgisi kelmayotgan, yana va yana suhbat qurishga ishtiyoqmand so‘xliklarning yolqinlangan ko‘zlarida porlagan nur yurtimiz jipsligi va xalqimiz farovonligi, yorqin kelajagiga ishonchdan darak berib turdi. 

 

N.Bozorova, O‘zA