English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi sakkiz yil - sayyoramiz tarixidagi eng issiq davr
16:31 / 2022-11-26

Ha, sayyoramizda iqlim o‘zgarishi keskin tus olmoqda. Bu jarayonni to‘xtatish zarurligi yuqori minbarlarda bot-bot aytilsa-da, ko‘rilayotgan amaliy choralar jarayonni to‘xtatish uchun yetarli emas. Masalan, 1993 yildan buyon dengiz sathi ikki barobar ko‘tarildi, bu jarayon davom etmoqda. Dengiz sathini sun’iy yo‘ldosh orqali o‘lchash joriy qilinganiga 30 yildan oshdi. Yevropaning Alp tog‘laridagi muzliklar 2022 yil ulkan yo‘qotishga uchradi. Grenlandiya muz qatlami hajmi 26 yil davomida muntazam kichraymoqda.

Oxirgi sakkiz yil Yer tarixda eng issiq davr bo‘ldi. Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT)ning “2022 yil global iqlim holati” hisobotida shu haqda gap boradi. Global harorat ko‘tarilishiga atmosferada is gazi miqdori ortib borishi sabab bo‘lmoqda. Otash to‘lqini, qurg‘oqchilik va halokatli toshqinlar bu yil millionlab odamlar hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, tabiiy ofatlar moddiy zarari milliardlab dollarga baholanmoqda.

Olimlar 2022 yil oxiriga kelib o‘rtacha global harorat sanoat davrigacha bo‘lgan 1850-1900 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan, taxminan, 1,15°C yuqori bo‘lishini taxmin qilmoqda. Taassufki, issiqlik qanchalik yuqorilasa, oqibat shunchalik yomon bo‘ladi. JMT bosh kotibi professor Petteri Taalas ta’kidlashicha, "atmosferadagi karbonat angidrid darajasi shunchalik yuqori-ki, Parij kelishuvida ko‘zda tutilgan global harorat ko‘tarilishining 1,5°C dan past chegarasiga erishish qiyin". Endi ko‘plab muzliklarni saqlab qolishga juda kechikdik, deydi mutaxassis. Muzlik erishi insoniyat uchun o‘ta jiddiy oqibatga olib keladigan, yuzlab, ehtimol minglab yil davom etadigan jarayon. “Biz buni Pokistondagi dahshatli suv toshqini, Afrikadagi o‘limga olib keluvchi, uzoq davom etgan qurg‘oqchilikda ko‘ryapmiz. Yer yuzidagi har bir inson ekstremal ob-havo hodisasidan erta ogohlantirish tizimi bilan himoyalanishi har qachongidan muhim”, deydi professor.

Yaqinda Misrning Sharm al-Shayx kurort zonasida bo‘lib o‘tgan forum (COP 27)da Jahon meteorologiya tashkiloti global iqlim holati bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish anjumanda Yerdagi barcha aholini erta ogohlantirish bo‘yicha harakat rejasini taqdim etishi kutilgan edi. Bu reja kelgusi besh yil ichida amalga oshirilishi aytilgan. Hozir dunyo mamlakatlarining yarmida bunday ogohlantirish tizimi mavjud emas.

JMTning Global iqlim holati hisoboti har yili e’lon qilinadi. Iqlimga oid asosiy ko‘rsatkichga asoslanib, tadqiqot mualliflari joriy holatni taqdim etadi va kelajakdagi ekstremal tabiiy hodisalar haqida ogohlantiradi. Bu galgi hisobotda keltirilisha, atmosferadagi asosiy is gazi - karbonat angidrid, metan va azot oksidi aralashmasi 2021 yil rekord darajaga yetgan. Metan konsentratsiyasining yillik o‘sishi eng yuqori darajaga chiqdi. Yirik monitoring stansiyalari ma’lumoti shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu uchta gazning atmosferadagi miqdori 2022 yil ham o‘sishda davom etgan. Oqibat: Alp tog‘lari muzliklari erishi bo‘yicha rekor yangilandi. Alp tog‘lari bo‘ylab muz qatlamini o‘rtacha yo‘qotish qalinligi uch-to‘rt metrni tashkil etdi. Bu 2003 yildagi rekordga qaraganda ancha yuqori. Shveysariyada 2001-2022 yillar oralig‘ida muzlik hajmi, taxminan, olti foiz qisqargan. Tarixda birinchi marta, hatto, eng baland cho‘qqilarda ham, qor yoz mavsumi oxirigacha qolmayapti. Natijada yangi muz zaxirasi to‘planmay qolyapti. Oxirgi 20 yil Shveysariya muzliklari zaxirasi uchdan biriga qisqardi.

Oxirgi 30 yil ichida o‘rtacha global dengiz sathi yiliga, taqriban, 3,4 mm ko‘tarildi. So‘nggi yillarda qayd etilgan ushbu jarayonning tezlashishi muz tez erishi bilan bog‘liq. Okean antropogen issiqxona gazi chiqindisidan to‘plangan issiqlikning, taxminan, 90 foizini saqlaydi. Okeanlarda issiqlik darajasi, ayniqsa, so‘nggi yigirma yil ichida yuqori bo‘ldi. Sharqiy Afrikada ketma-ket to‘rt mavsum o‘rtacha darajadan past yog‘in kuzatilmoqda. Bu so‘nggi 40 yildagi eng uzoq davom etgan qurg‘oqchilikd. Joriy mavsum ham quruq bo‘lishi mumkinligiga ishora bor. Gumanitar tashkilotlar o‘rim-yig‘im mavsumi bu yil ham kutilgan natijani bermasa, Keniya, Somali va Efiopiyada oziq-ovqat tanqisligi jiddiy ravishda kuchayadi, deya ogohlantirmoqda.

Bir yoqda qurg‘oqchilik, boshqa tomonda kuchli yomg‘ir va toshqin...

Iyul-avgust oylarida rekord darajada yoqqan yomg‘ir Pokistonda kuchli suv toshqinlari kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ofat tufayli kamida 1700 inson hayotdan ko‘z yumdi, 33 million kishi modiy zarar ko‘rdi. 7,9 million aholi uyini tark etib, xavfsiz hududdan boshpana qidirishga majbur bo‘ldi.

Yil boshida Afrikada ham bir qator siklonlar kuzatildi. Kutilmagan tabiiy ofatdan, ayniqsa, Madagaskar aholisi ko‘p jabr ko‘rdi. Kuchli yomg‘ir va surunkali jala ortidan mamlakatda halokatli suv toshqinlari yuz berdi. Sentyabr oyida “Yan” to‘foni Kuba va Floridaning janubi-g‘arbiy qismiga jiddiy talofat keltirdi, insonlar nobud bo‘ldi, qishloq xo‘jaligiga beqiyos ziyon yetdi.

Shimoliy yarim sharning kattagina qismida ham havo juda issiq va quruq keldi. Masalan, Xitoy milliy rekordlar boshlangandan beri eng keng qamrovli va eng uzun issiqlik to‘lqinini boshdan kechirdi. Yanszi daryosi, deyarli, quridi.

Qurg‘oqchilik sersuv mintaqa ­- Yevropa qit’asiga ham yopirildi. Qit’aning ko‘p qismi bir necha bor kuchli jazirama tafti iskanjasida qoldi. Buyuk Britaniyada 19 iyul kuni yangi milliy rekord o‘rnatildi - harorat tarixda ilk bor 40°C dan oshdi. Issiqlik uzoq davom etgan qurg‘oqchilik va halokatli o‘rmon yong‘inlarini olib keldi. Yevropa daryolari, jumladan, Reyn, Luara va Dunayda suv kamayib ketdi.

Global isishdan Marokash eng ko‘p zarar ko‘rmoqda

Shundog‘am bir necha yildan buyon suv tanqisligii boshdan kechirayotgan Marokash bu yil haqiqiy inqirozga duch keldi. Podshohlik bir yildan oshdi-ki, osmondan yomg‘ir kutmoqda. Marokash qishloq xo‘jaligi, dengiz baliqchiligi, qishloq taraqqiyoti, suv resurslari va o‘rmonlar vaziri Muhammad Sodiqiy bergan ma’lumotga ko‘ra, to‘g‘onlarni to‘ldirish ko‘rsatkichi bu yil atigi 24,8 foizga yetgan. Yog‘ingarchilik kamligi tufayli ko‘plab to‘g‘onlar darz ketib, ayrimlari vayron bo‘lmoqda. Suv inqirozi Marokashda, bevosita, qishloq xo‘jaligi rivojlanishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq keskin masala hisoblanadi. Foydali qishloq xo‘jaligining 18 foizdan kamrog‘ini tashkil etuvchi sug‘oriladigan dehqonchilik mamlakat qishloq xo‘jaligi eksportining 75 foizini ta’minlaydi, qishloq aholisining 40 foizi shu sohada band. Mamlakat hukumati vaziyatdan kelib chiqib, jamoaviy yer huquqi doirasida yosh fermerlarga yangi tartibda subsidiya ajratmoqda. Agar yog‘in-sochin me’yorida bo‘lmasa, mazkur chora ham natija bermasligi mumkin.

Insoniyat uchun yana bir tahdid o‘chog‘i topildi

Arktika o‘n yil ichida yozda, “nihoyat”, dengiz muzini yo‘qotishi mumkin, deb yozdi Britaniyaning “Te Gvardian” nashri BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 27-konferensiyasi oldidan bir guruh olimlar tomonidan e’lon qilingan kriosfera holati haqidagi hisobotga tayanib. "Endi bu masalada hech nima qila olmaymiz. Biz, shunchaki, yog‘ochni aralashtirib yubordik va allaqachon tizim qizib ketishiga yo‘l qo‘ydik", dedi Massachusets universiteti xodimi va izlanish hammuallifi Juli Brigam-Grett. Tadqiqotda aytilishicha, dengiz muzi erishi qorong‘i Shimoliy Muz okeanini ochadi. Okean issiqlikni shimib oladi va global isish kuchayadi. Arktikada isish dunyoning boshqa qismiga qaraganda to‘rt barobar tezroq. Olimlar ta’kidlashicha, bu Antarktidadagi rekord issiqlik to‘lqini bilan birga 130 000 yil davomida kuzatilmagan tez "erigan suv impulsi"ga, qirg‘oq bo‘yi mintaqalari uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi olimlar. Ularning fikricha, xavotirli holat faqat qutblardagina kuzatilayotgani yo‘q. Himoloy va And tog‘lari muzi erishi o‘n millionlab odamlarni ichimlik suvisiz qoldiradi, halokatli suv toshqinlari xavfini oshiradi. "Biz jinni shishaga qaytara olmaymiz", deydi Brigam-Grett. Klimatolog Yoxan Rokstryom avvalroq 50 yilga qolmay, Braziliya, Hindiston, Afrika va Yaqin Sharqning bir qismida, havo harorati ko‘tarilishi tufayli, ommaviy emigratsiya boshlanishi mumkinligini aytgandi. Olimning prognoziga ko‘ra, 2,4 daraja isish Yerga oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan va “halokatli” oqibat bilan tahdid soladi, hayot uchun mutlaqo yangi sharoit yaratadi. Ehtimol, sayyoramizning bir qismi yashashga yaroqli bo‘lmay qoladi. Olimlar muntazam ravishda global isish xavfidan ogohlantirmoqda. Jarayonni jilovlash uchun 2015 yili 190 dan ziyod davlat emissiyani kamaytirish, texnologik yangilanish va davom etayotgan o‘zgarishlarga moslashishga qaratilgan Parij iqlim kelishuvini imzoladi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini keskin oshirish taklif etilmoqda.

Saidmurod Rahimov, O‘zA