
Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi oldida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi raisining maslahatchisi Gavharxon Muqaddasova hamda Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Bahriddin Zayniddinov tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning soliq rivojiga qo‘shayotgan hissasi, ayollar ishlagan va rahbarlik qilayotgan joylar tajribasi, tartib, adolat, halollik, madaniyat haqida so‘z bordi.
Jizzax viloyati davlat soliq xizmati organlarida 84 nafar xotin-qiz faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda davlat soliq xizmati organlarida ham qator ijobiy o‘zgarishlar, xususan, gender tenglik yo‘nalishida, xotin-qizlarning rolini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ga muvofiq xotin-qizlarning davlat boshqaruvi organlaridagi faolligi yanada ortadi.
[gallery-8540]
Davlat soliq xizmati organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar safini yanada kengaytirish, bilim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ularni chet davlatlarga yuborib tajriba almashishni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Soliq xizmati organlaridagi faoliyatida soliq ma’murchiligini ta’minlashda namuna ko‘rsatib kelayotgan bir qator soliq tizimidagi xotin-qizlar qo‘mita raisining maslahatchisi tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng, viloyat musiqali drama teatrida jizzaxlik soliqchilar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat soliq tizimida samarali xizmat qilib kelayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA