English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda yana bitta IES qurish rejalashtirilmoqda
14:47 / 2022-12-07

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev Turkiyaning "Cengiz Enerji" kompaniyasi bosh direktori Axmed Jengizni qabul qildi.

Muloqot davomida o‘zaro sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, hamkorlik aloqalarini kengaytirishga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka to‘xtalib, bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan barcha sohalarda aloqalar tobora yangi bosqichga chiqayotgani, iqtisodiyot rivoji uchun muhim bo‘lgan yirik energetika loyihalari amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Kompaniya rahbari Xovos tumanidagi quvvati 220 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihasi muvaffaqiyatli bo‘lgani, joriy yilning dekabr oyi yakuniga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirilishini ta’kidladi. Shuningdek, yana bir yirik, qiymati 300,0 million AQSH dollarilik quvvati 450 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihasi ishlab chiqilayotgani, buning uchun viloyatning infratuzilma imkoniyatlari har tomonlama o‘rganilganini bildirdi.

Viloyat hokimi Sirdaryoning iqtisodiyoti, sanoat korxonalarini ishlab chiqarish quvvatlari yildan-yilga ortib borayotgani, bunda elektr energiyaga bo‘lgan talab yanada ortishini ta’kidlab, mazkur sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan qo‘shimcha muzokaralar olib borilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu loyiha doirasidagi qurilish ishlariga 800-900 ta mahalliy ishchi kuchi jalb qilinib, IES ishga tushgach 100-120 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA