English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
20:05 / 2023-03-19

Guliston shahrida Navro‘z bayrami hamda 24 mart – Butunjahon silga qarshi kurash kuni oldidan Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamda USAID xalqaro tashkiloti vakillari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” sport sog‘lomlashtirish tadbiri chin ma’noda bayramga aylandi.

Xalq sayli tarzida uyushtirilgan mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari hamda aholini sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faolligini oshirish bo‘limi  xodimlari,  davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, bir so‘z bilan aytganda o‘z sog‘ligiga befarq bo‘lmagan nuroniy otaxonlar, munis onaxonlar va yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab, ular  Guliston shaharining N. Zokirov ko‘chasi  bo‘ylab  5000 qadam yo‘l bosishdi. Shundan keyin, Guliston shahar istirohat bog‘ida sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan tashkil etilgan  sog‘lomlashtirishga qaratilgan  “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi”, “Salomatlik maydonchasi” tadbirlarida qatnashib, soha xodimlaridan inson salomatligiga jiddiy tahdid solishi mumkin bo‘lgan yuqumli va yuqumsiz  kasalliklar, uni kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillar to‘g‘risida ma’lumot olishdi. O‘z salomatlik ko‘rsatkichlarini yana bir bor tekshirtirib, mutaxassislardan zarur tavsiya olishdi. San’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari,  jajji bolajonlarimiz raqslari  Navro‘z bayrami hamda 24 mart-Butunjahon silga qarshi kurash kuni oldidan Gulistonda tashkil etilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” sport sog‘lomlashtirish tadbiriga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Muhimi, bu kabi madaniy-ma’rifiy sog‘lomlashtirish tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham tashkil etilib, unda sog‘lom hayot qoidalari targ‘ib etildi.  

Sh. Suyarov, O‘zA