English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda O‘zbekiston - Markaziy Osiyo - Xitoy iqtisodiy-madaniy forumi (+video)
20:12 / 2024-08-23

Sirdaryo viloyati o‘zining geografik joylashuvi, poytaxtga yaqinligi, sanoat sohasining taraqqiy etgani, uzluksiz elektr-energetika tizimi mavjudligi va mehnatkash xalqi bilan ko‘plab investorlarni jalb qilib kelmoqda. Hudud iqtisodiyoti qisqa muddatda agrardan sanoati rivojlangan viloyatga aylandi.

Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston - Markaziy Osiyo - Xitoy iqtisodiy-madaniy forumi» ham aynan Sirdaryoda sanoatni, qardosh xalqlar bilan aloqalarni mustahkamlash, tovar ayirboshlashni, madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unda Qozog‘iston, Tojikiston va Xitoy davlatlarining rasmiy delegatsiya a’zolari, chet ellik diplomatlar, shuningdek 500 nafardan ziyod mahalliy va xorijiy ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

— Qo‘shni davlat vakillari, ayniqsa tadbirkorlari uchrashganda biznes vakillariga ko‘plab qulayliklar yaratiladi va bu quvonarli albatta, - deydi Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov. — Kelgusida bu kabi uchrashuvlar davom etadi. Bunday muloqotlarni Qizilorda, Turkiston viloyatlari, Chirchiq va Chimkent shaharlarida davom ettirishga kelishib oldik. Bu barchaga katta manfaat keltiradi. Agar barchamiz o‘z salohiyatimizni to‘liq ishga soladigan bo‘lsak ko‘plab masalalar hal bo‘ladi. O‘tgan yilgi forumda ishtirok etib, shuni ayta olamanki, Sirdaryo savdo va madaniy aloqalarimizning yangi yo‘lagini hosil qildi. Bugun biz turli masalalarni muhokama etib oldik. Xullas, imkoniyatlarimizni maksimal darajada ishga solish uchun hech bir xal etilmagan masala qolmadi, deb o‘ylayman. 

[gallery-18881]

Sirdaryo agrar sohadan sanoati rivojlangan hududga aylanib borayotganini ko‘rib turibmiz. Bizni chegaradosh hududlarimiz Sirdaryo bilan aynan logistikani keng yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor. Ushbu masalalar ham muhokama qilib olindi va bir qator kelishuvlarga erishdik. 

Forumda qayd etildiki, keyingi 4 yilda Sirdaryo viloyati, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 5 barobarga o‘sgan. Joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida hududlarning savdo aylanmasi hajmi 2023 yilning mos davri bilan solishtirganda 120 foizga oshib, 300 mln AQSH dollarini tashkil etdi. So‘nggi vaqtlarda bo‘lib o‘tgan delegatsiyalar almashinuvi, yuqori darajada o‘rnatilgan ochiq, konstruktiv va faol muloqotlar natijasida 70ga yaqin yangi loyihalarga qo‘l urildi.

Forum ishtirokchilariga viloyat sanoati butun bo‘y-basti bilan namoyish etildi. Sirdaryolik tadbirkorlar, xorijiy investorlarning 350 dan ortiq mahsulot va xizmatlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirkorlarning «G2B» va «B2B» formatidagi uchrashuvlarida har bir hudud o‘z salohiyati va imkoniyatlarini taqdim etdi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AvU-BCUCLgI" title="Sirdaryoda Oʻzbekiston - Markaziy Osiyo - Xitoy iqtisodiy-madaniy forumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Forum doirasida Sirdaryoning gastronomik salohiyatini namoyish etuvchi “Qovun sayli” festivali ham bo‘lib o‘tdi. Buning uchun 11ta pavilon tashkil qilinib, hududning barcha tuman va shaharlari o‘zlari yetishtirgan sarxil meva-sabzavotlar, poliz mahsulotlarini bayramona bezatgan xolda mehmonlarga taqdim etishdi. Bu yerda mahalliy qovunlarning 20 ga yaqin navi namoyish qilindi.

Ma’lumki, Sirdaryo viloyatida 70ga yaqin millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda. Ularning milliy o‘yinlari, an’analari va qadriyatlari doimo e’zozlab kelinadi. Har bir bayram ularning ishtiroki bilan yanada fayzli bo‘ladi. Mehmonlarni kutib olishda ham turli millat va elatlarning folklori yangradi va bu ularga o‘zgacha bir taassurotlarni qoldirdi.

Shuningdek, milliy oshxonalarining mahorat darslari, oshpazlar bellashuvlari, madaniy markazlarning folklor jamoalari chiqishlari ham saylga o‘zgacha bir fayz-tarovat bag‘ishladi.

Forum yakunida sirdaryolik san’at ustalari, Qozog‘istonning Turkiston viloyati davlat filarmoniyasi, Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyatining “Navoi chavidoni” folklor ansambli tomonidan tayyorlangan gala-konsert qatnashchilar e’tiboriga havola etiladi. Konsert dasturini keyingi reportajlarimizda batafsil namoyish qilamiz. 

Sanjar Toshpo‘latov, Shahriyor Ortiqboyev, O‘zA