English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:12 / 2023-08-18

Sirdaryolik bir guruh ishbilarmonlarga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni topshirildi.

Viloyat hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev ushbu mukofotlarni o‘z egalariga topshirish marosimida ishtirok etdi. Unda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish, sanoatni mahalliylashtirish borasida faollik ko‘rsatayotgan hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda munosib hissa qo‘shib kelayotganlar munosib taqdirlandi.  

* * *  

Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra, hududiy va tuman (shahar) hokimliklarining ijro intizomiga mas’ul xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.  

Hukumat tomonidan berilgan topshiriqlar eng quyi bo‘g‘inga yetib borishi, topshiriq ijrosini sifatli amalga oshirish, murojaatlar bilan ishlash hamda vazirlik markaziy apparatida yo‘lga qo‘yilgan “KPI” tizimi bo‘yicha vazirlik namunasida o‘quv-seminar sifatida tushuntirildi. Xususan, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda vazir o‘rinbosari Murod Ismoilov har bir mutaxassis bilan suhbatlashdi.  

Seminar yakunida savollarga vazirlik mas’ullari tomonidan javob berildi hamda vazirlik ish muhiti yaqindan tanishtirildi.  

* * *  

Sirdaryo tumanida joylashgan “Sirdaryo-Mega-Luks” MCHJ korxonasida Bojxona qo‘mitasining Valyuta nazorati boshqarmasi boshlig‘i U.Tadjiyev, viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyati hamda korxona mas’ullari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda eksport hajmini va geografiyasini yanada oshirish maqsadida sotib olish va sotish shartnomalari ijrosi hamda dasturlardagi ma’lumotlarning to‘liqligini ta’minlash yuzasidan bir qator savollarga tushuntirish berildi.  

“Sirdaryo-Mega-Luks” MCHJ polipropilen qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxona hisoblanib, hozirgi kunda korxonada 2000 dan ortiq ishchi xizmat qilmoqda.  

* * *  

Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida bolalarning moddiy ta’minoti va aliment to‘lovi bilan bog‘liq 8 428 ta ijro hujjatlari mavjud. Shundan 1 494 tasi tamomlanib, voyaga yetmaganlar foydasiga 44,5 milliard so‘m aliment qarzdorliklari undirilgan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 1 494 ta oilalar yarashtirilgan. O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari natijasida jami 501 nafar aliment to‘lovchi qarzdorlar ishga joylashtirilishi ta’minlandi.  

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan 283 nafar qarzdor shaxslarga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.  

* * *  

Xovos tumani “Obod turmush” mahallasidagi o‘quvchilar yangi o‘quv yilini zamonaviy maktabda boshlaydi. Joriy yilda Jahon taraqqiyot banki mablag‘lari asosida mazkur mahallada 100 o‘rinli yangi ta’lim dargohi qurilmoqda. Yangi maktabni qurishda Prezident maktablari tajribasidan foydalangan holda, o‘quvchi-yoshlarning puxta bilim olishi, jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.  

Tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev ushbu maktabning qurilish ishlarini o‘z nazoratiga olgan. Hozirgi vaqtda maktabda so‘nggi qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda.  

* * *  

Yunusobod tumani 7-mavzesi, “Astrobod” MFY hududida Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahrida faoliyat yurituvchi mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari ikki nafar ishchi yollab, ikki dona chinor daraxtini kestirgan. Buning oqibatida tabiatga 204 million 105 ming so‘m zarar yetkazilgan. Tegishli hujjatlar holatga huquqiy baho berish va kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.  

 

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA