English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:20 / 2023-08-07

Guliston shahrida “Oilalar bilan ishlashda nizoli vaziyatlarning oldini olish, xotin-qizlarga huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish borasida psixologik bilimlarini shakllantirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Tajribali psixologlar tomonidan kun davomida shahardagi mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar faollariga notinch oilalar bilan ishlash, nizoli vaziyatlarni oldini olish, ruhiy tushkunlikka tushgan shaxslarga ko‘maklashish, shuningdek, baxtli turmush kechirish sirlari kabi mavzularda ko‘nikmalar berilmoqda. Amaliy seminar davomida xotin-qizlar faollarining ham har birini mavzu bo‘yicha fikrlari tinglanmoqda.

***  

Shirin shahar hokimi Sarvarbek Sultonov Xitoyning “Chongqing Savvy Industrial Development Co., Ltd” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Unda kompaniyaning shahardagi “Mirzo Ulug‘bek” mahallasi hududida qiymati 10 million dollarlik quyosh panellari ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish masalalari to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, quyosh panellariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash yuzasidan Shirin energetika kolleji faoliyati bilan tanishildi, loyiha uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan yer maydoni o‘rganildi.  

***  

Boyovut tumani aholisini ish bilan ta’minlash, organik mahsulotlar yetishtirish maqsadida “BEK CLUSTER AGROSERVIS” MCHJ ijtimoiy issiqxonalar qurishni yo‘lga qo‘ydi. Xitoy texnologiyalari asosida tumandagi 80 gektar yer maydonida 1 600 shunday issiqxonalar barpo etiladi. Har 5 sotix maydonga ikki nafardan ishchi jalb qilinib, ish bilan ta’minlanadi. Gaz va elektr talab etilmaydigan bu issiqxonalarda tomchilab sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Issiqni saqlash uchun qo‘y junidan tayyorlangan ko‘rpalardan foydalaniladi. Loyiha tashabbuskori Ulug‘bek Sotiboldiyev aholi vakillari va mahallalardagi hokim yordamchilariga ushbu loyihaning afzallik va qulayliklari haqida ma’lumot berdi.  

 ***  

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Boyovut tumani 1-sonli sport maktabida faoliyat olib borayotgan murabbiy Gulnoza Mamatqulovaga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari R.Boboyev zaruriy sport anjomlarini topshirdi. Gap shundaki, yaqinda ushbu muassasa faoliyatini o‘rgangan Yoshlar siyosati va sport vazirligining ishchi guruh vakillari tomonidan para pauerlifting bilan shug‘ullanuvchi sportchilar uchun sport anjomlari yetishmasligi va bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlangan edi. Ushbu muammo qisqa fursatda amaliy yechim topganidan sport murabbiyi va uning shogirdlari behad xursand. Hozirda ushbu sport maktabida 1200 ga yaqin o‘quvchi yoshlar zamonaviy shart-sharoitlarda sportning 23 turi bilan shug‘ullanib kelishmoqda.  

***  

Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadabayev Xitoylik investorlar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida yangi qurilishi rejalashtirilgan “Guliston city” hududida 1 gektar maydonni qamrab oladigan katta savdo kompleksi qurilishi bo‘yicha kelishuvlar olib borildi. Shuningdek, “Guliston” kichik sanoat zonasi hududida 2 gektar yer maydonida yevrostandart asfalt mahsuloti ishlab chiqarish korxonasini qurish bo‘yicha dastlabki uchrashuv olib borildi.  

Sh.Suyarov, O‘zA.