English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
14:11 / 2023-07-20

Sardobada Xitoy tajribasi asosida issiqxona qurilmoqda. Mamlakatimizda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish hajmini ko‘paytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarga asoslangan issiqxona xo‘jaliklarini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni vaqtda “Innovatsion usulda issiqxona tashkil etish” loyihasi “Sardoba universal cluster” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, loyiha quvvati 50 ming tonna, qiymati 2 million dollarni tashkil etadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 300 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bu issiqxonalar elektr energiya va boshqa yonilg‘i turlaridan foydalanmagan holda isitish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

******

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 19 yoshli B.X. murojaat qilib “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali “apple.halol.nasiya” nomli akkaunti egasi bo‘lgan noma’lum shaxs bilan “Iphone X” rusumli telefon qurilmasini muddatli to‘lovga sotib olishga kelishganini bildirgan. U  oldindan 684 ming so‘m miqdoridagi pulni uning bank kartasiga o‘tkazib bergani, ayni paytda u va’dasini bajarmasdan muloqotni to‘xtatganligi ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Guliston shahrida yashovchi, 20 yoshli J.N. sodir etganligi aniqlandi. Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan J.N. internet foydalanuvchilariga “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali “apple.halol.nasiya” nomli ijtimoiy guruh ochib, fuqarolarga telefon qurilmalarini muddatli to‘lov evaziga sotishini e’lon qilib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali kartalarda saqlangan pullarni o‘zlashtirib kelayotganligi aniqlandi.  

Mazkur holat yuzasidan O‘zR JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

******

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi mavjud 39 mahallalarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Hozirda, ko‘p yillardan buyon aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan yo‘llarni tekis va ravon holga keltirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hokimlik mutasaddilari har bir ko‘cha holatini o‘rganib chiqqan. Natijada yo‘lsoz korxonalar tomonidan ta’mirlash va asfaltlash ishlari olib borilmoqda.  

Xususan, bugungi kunda tumandagi Uchturg‘on mahallasi Chinobod hamda Uchturg‘on ko‘chalarining 3200 metr qismiga asfalt qoplamasi yotqizish ishlari davom etmoqda. Navbat bilan tumanning olis va chekka hududlaridagi mahalla, ko‘cha va yo‘llar ham asfalt qilinadi.  

Sh.Suyarov, O‘zA.