English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralariga fotosayohat
10:00 / 2023-01-02

Toshkent shahridagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralari yurtimizdagi sayyohlar ko‘p ziyorat qiladigan qadamjolardan biri sanaladi.

Mustaqillik yillarida bu maqbaralar tegishli tartib va talablarga ko‘ra qayta ta’mirlandi. Hudud obodonlashtirilib, ziyoratchilarga qulayliklar yaratildi.

[gallery-10138]

Maqbaraning har bir pishiq g‘ishtlari, gumbazlari tarixdan so‘zlaydi. Shayx Xovandi Tohur bobomiz umri davomida elni tinchlik va osoyishtalikka chorlagan inson bo‘lgan. Qozoq elining ardoqli farzandi To‘labiy Alibiy o‘g‘li (Qaldirg‘ochbiy) qozoqlarning bosh qozilaridan biri bo‘lgan.

– Shayx Xovandi Tohur XIV asrda yashagan olim va so‘fiy, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov. – U Ahmad Yassaviy ta’limotining davomchisi bo‘lgan. Shayx maqbarasi atrofi aziz qadamjoga aylangan. XVII asrda bu yerga To‘labiy dafn etilgan. U Shayx Xovandi Tohur bobomizni o‘ziga ma’naviy ustoz deb bilgan. Vafotidan so‘ng shu yerga dafn qilishlarini vasiyat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 21-22 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Tashrif davomida Qosim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda ushbu maqbaralarini ziyorat qildi.

O‘zbek va qozoq xalqi ajdodlarining tutgan yo‘lini, ezgu amallarini unutmaydi. Ular hamisha hurmat bilan yodga olinadi. Uzoq tarix ildizlariga tutashadigan, qadimiy do‘stlik rishtalaridan quvvat oladigan bu kabi aloqalar bugun yanada mustahkamlanmoqda.

Ikrom Avvalboyev, A’lo Abdullayev(surat), O‘zA