
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabr kuni “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib Respublikamiz shahar va tumanlari 5 ta toifalarga ajratildi. Tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar beriladi. Farg‘ona viloyati shahar va tumanlari quyidagi toifalarga kiritildi:
Farg‘ona shahri – 1-toifaga;
Buvayda tumani, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari – 2-toifaga;
Quvasoy shahri, Beshariq, Bag‘dod, Dang‘ara, Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Rishton, Toshloq, O‘zbekiston, Uchko‘prik va Farg‘ona tumanlari – 3-toifaga;
Furqat tumani – 4-toifaga;
So‘x va Yozyovon tumanlari – 5-toifaga.
2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha soliq solishning quyidagi tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi:
5-toifadagi tumanlarda, shu jumladan Farg‘ona viloyatining So‘x va Yozyovon tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar:
– foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz;
– yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi.
Yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Shuningdek, 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YATTlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi.
2023 yil 1 yanvaridan: So‘x va Yozyovon tumanlarida, shuningdek 4-toifadagi tumanlar qatoriga kirgan Furqat tumanida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga:
– banklarning kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya;
– banklar kreditlarining 75 foizigacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.
M.Sulaymonov,
O‘zA