English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat raisi: 2048 yilga borib O‘zbekiston mehnat bozori 27,6 million kishini tashkil etadi
19:17 / 2023-11-28

Bu tobora soni o‘sib borayotgan aholi uchun davlat tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy himoya kafolatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni jadallik bilan, oldindan o‘ylab, prognoz qilib ishlashni vazifa qilib qo‘ymoqda.

Toshkent shahrida “Demografik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatni barqaror rivojlantirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) vakolatxonasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qariyb 20 davlatdan 40 dan ortiq parlament va hukumat vakillari ishtirok etdi.

Ular orasida UNFPA rahbarlari, UNICEF jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholishunoslik va taraqqiyot bo‘yicha parlament a’zolarining Osiyo forumi kabi xalqaro tashkilotlar, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki vakillari bor.

Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston BMTning barcha agentliklari bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.  

Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasi majlislarida doimiy ravishda faol ishtirok etayotir, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning oltita rezolyutsiyasi qabul qilindi. Umuman, BMT tomonidan qabul qilingan konvensiyalar va boshqa hujjatlar bizga davlat strategiyalarini, davlat dasturlari ishlab chiqishda, qolaversa, qonunlarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lmoqda. O‘zbekiston aholisi tez o‘sib borayotgan mamlakat hisoblanadi.  

Shuning uchun statistik ma’lumotlar asosida ish olib borish juda muhim. Bu borada, shuningdek, tibbiyot, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha ham BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan faol hamkorlik qilayotganimiz o‘z samarasini bermoqda. Aynan shu masalalar O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani buni ko‘rsatib turibdi.

– O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida aholi soni bo‘yicha qirqinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinda turadi, - dedi T.Norboyeva. – BMT tomonidan dunyo aholishunosligi istiqbollari mavzusida o‘tkazgan tadqiqotda 2048 yilga borib O‘zbekiston aholisining asosiy qismini mehnatga layoqatlilar tashkil etishi qayd etilgan. Ya’ni, o‘sha vaqtda mehnat bozori 27,6 million kishini tashkil etadi. Bu tobora soni o‘sib borayotgan aholi uchun davlat tomonidan  iqtisodiy, ijtimoiy himoya kafolatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni jadallik bilan, oldindan o‘ylab, prognoz qilib ishlashni vazifa qilib qo‘ymoqda. Shu sababli, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida inson qadri degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan maqsadli chora-tadbirlarni yanada chuqurlashtirish zarur.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi ijrochi direktori Nataliya Kanem videomurojaatida ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqadigan xulosalar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demografik barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Anjuman “Demografik barqarorlik va barqaror rivojlanish: chaqiriqlar va imkoniyatlar”, “Demografik barqarorlik va inson kapitali: o‘zgarishlarga moslashish va imkoniyatlardan foydalanish” hamda “O‘zbekistonda sog‘lom va uzoq umr ko‘rish o‘n yilligi” mavzularidagi uchta sessiya doirasida tashkil etildi.

Sessiyalarda demografik barqaror rivojlanish uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga e’tibor qaratildi.  

Xususan, aholini uy-joy bilan ta’minlash, xodimlarning mehnat huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar muhokama qilindi.

Demografik o‘zgarishlar sharoitida inson kapitalini rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni izchil davom ettirish kabi masalalar ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Konferensiyada muvaffaqiyatli strategiyalar va yechimlar, inklyuziv va dalillarga asoslangan samarali yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA