Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun hamda ochiqlikka oid normativ-huquqiy hujjatlarning joylardagi ijrosi o‘rganilmoqda.
Bu borada qo‘mita poytaxtimizning Yangihayot tumani hokimligida o‘rganishlar olib bordi. Dastlab senatorlar tuman hokimligining axborot xizmati, axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Tuman hokimligining rasmiy veb-saytida “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, hokimlik tomonidan 17 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlarning ayrimlari joylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘z navbatida, qo‘mita a’zolari tomonidan hokimlik mutasaddilari hamda xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyasiga fuqarolar qabullarini tashkil etish, axborot xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish, OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur va matbuot anjumanlarini tashkil etish, ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha axborotlarini eshitib borish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, senatorlar ishtirokida tuman hokimi, Toshkent shahar Kengashi deputatlari bilan birgalikda hokimlik binosida fuqarolar qabuli o‘tkazildi.
Qabulga kelgan fuqarolarning uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik faoliyati, moddiy yordam berish, mahallani obod qilish va noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Xususan, Yangihayot tumani “Chorbog‘” MFYda yashovchi fuqaro K.N.ning ko‘p qavatli turar joy binosi tomini ta’mirlash, “Do‘stlik” MFYda istiqomat qiluvchi Z.Yeni uy-joy bilan ta’minlash, “Toshkent” MFYda yashovchi fuqaro X.Kning bandligini ta’minlash maqsadida monomarkazda kasbga o‘rgatish va uni ish bilan ta’minlash, “Daryobo‘yi” MFYda istiqomat qiluvchi B.Xning uy qurilishida moddiy yordam ko‘rsatish masalalari joyida hal etildi.
Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatlar asosida tuman hududida joylashgan tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika binosi ham o‘rganildi.
Ushbu bino 1986 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar binoda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Shuningdek, markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika 90 minga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Xususan, rivojlanishdan ortga qolgan va tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelgan bolalarni reabilitatsiya qilishga mo‘ljallangan maskan ta’mirtalab holatda. Mazkur maskan uchun zarur zamonaviy tibbiy uskunalar mavjud. Biroq kapital ta’mirlash ishlari uzoq yillardan beri rejaga kiritilmay kelinmoqda.
Tuman mas’ullari bilan uchrashuvda ta’kidlanganidek, tibbiyot muassasasini zamonaviy ko‘rinishda kapital ta’mirlash masalasi senatorlarning alohida nazoratida bo‘lishi hamda ushbu maskanda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish choralari ko‘rilishi yuzasidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rishga kelishib olindi.
O‘zA