English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga ko‘paymoqda
18:01 / 2023-11-28

Bu borada xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida keyingi uch yilda qariyb 30 kishi is gazidan zaharlanib yoki qum va tosh bosishi oqibatida vafot etgan.

Oltin va qimmatbaho metallarni qonuniy qazib olishning afzalliklari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida ularni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga ko‘paymoqda.  

Bu Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda ko‘proq kuzatilmoqda.  

2020 yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 463 tani, 2022 yilda esa qariyb 1,5 mingni tashkil qilgan.  

Bu raqamlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.  

Majlisda yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.  

Shuningdek, qo‘mita tomonidan mazkur sohada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.  

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan shug‘ullanishning huquqiy mexanizmlari yaratilganini ta’kidladi.  

2019-2023 yillarda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun “Ye-auksion” orqali 270 ob’ektga ruxsatnoma berilgan.  

Olib borilgan o‘rganishlar, aholi bilan bevosita muloqotlar, qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili sohada qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.  

Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida 2021-2022 yillar va 2023 yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib yoki qum va tosh bosib qolishi oqibatida vafot etgan.  

Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilish holatlari uchramoqda.  

Shu bilan birga, tarkibida oltin va qimmatbaho metallar bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 702-moddasi bilan qo‘llaniladigan jarima miqdori kamligi ham mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. 

Jumladan, 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holati takroriy sodir etilgan.

Bundan tashqari, “NKMK”, “OKMK” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqalar tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karerlar atrofi o‘rab olinib, qo‘riqlanishi ta’minlanmagan. 

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy ekspeditsiyalari tomonidan shaxta va shtolnyalarni loyiha bo‘yicha ish tugatilgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda to‘liq yopish choralari ko‘rilmagan. Bu esa qimmatbaho metallarni qazib olayotgan fuqarolarga noqonuniy qazib olish ishlarini olib borishga sharoit yaratmoqda. 

Ma’danli toshlar tarkibida qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash yuzasidan ekspertiza o‘tkazishga oid normativ–huquqiy hujjat mavjud emas. 

Majlisda qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasiga mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. 

Xususan, kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli idoralararo “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish zarur. Yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda amaldagi qonunchilik hujjatlaridagi javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.  

Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari, tuman (shahar)lar kengashlariga oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlarining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holatini hududiy mas’ul idoralar rahbarlarini jalb qilgan holda muntazam tanqidiy muhokama qilish tavsiya etildi.  

 N.Abduraimova, O‘zA