
Navoiy shahridagi Prezident maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan “Zamonaviy maktab liderlar nigohida” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi. Unda Navoiy shahri va Karmana tumanidagi maktablar direktorlari ishtirok etdi.
– Mazkur seminar umumta’lim maktablari direktorlari uchun uzoq muddatli strategiya va ustuvor vazifalarni belgilash, jamoada sog‘lom muhit yaratish, samarali ta’lim tamoyillari hamda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Navoiy viloyati hududiy bo‘limi uslubchisi Odil Norov. – Trening doirasida ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi ustuvor maqsad va yangicha yondashuvlar bilan tanishtirish, maktabni rivojlantirish strategiyasini (istiqbol reja) shakllantirishda ta’lim tizimining maqsad va qadriyatlarini asos qilib olishni tushunib yetish va bunda maktab jamoasini jalb etish zaruriyatini anglash ko‘zda tutilgan.
[gallery-10481]
Seminar-treninglar hududlarga bo‘lingan holda joriy yilning 10 fevraliga qadar viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida o‘tkaziladi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA