English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov byulleteni: Brayl alifbosidagi trafaret namunasi tasdiqlandi
16:03 / 2023-06-14

Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlash, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari hamda nogironlar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan ushbu siyosiy tadbirda barcha fuqarolarning saylovga oid huquqlarini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Shundan kelib chiqib, majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, har bir saylov uchastkasini ushbu trafaretlar bilan ta’minlash choralari belgilandi.

Majlis kun tartibiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yil 6-13 iyun kunlari jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, har bir murojaat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Muhokamalardan so‘ng murojaatlar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YeXHT DIIHBning saylovni kuzatuvchi missiyasi vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 159 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 554 nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda muhokama qilingan barcha masala yuzasidan MSKning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA