English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik rivojlanyapti
10:14 / 2022-08-08

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiya vaziri Xolid Al-Falih bilan kengaytirilgan tartibda muzokara o‘tkazdi. Videokonferensiya tarzida kechgan tadbirda manfaatdor vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat davomida tomonlar sanoat sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikning borishini batafsil ko‘rib chiqdi. Shuningdek, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali sheriklikni chuqurlashtirish imkoniyati muhokama qilindi.

Xususan, kimyo sanoatida polimer va plastmassa ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha takliflari almashildi.

Energetika sohasining yirik investitsiyaviy va texnologik salohiyati hamda Saudiyaning “Acwa Power” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda orttirilgan muvaffaqiyatli tajriba tufayli investitsiyaviy munosabatni rivojlantirish uchun muhim shart-sharoit shakllangani ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, chorvachilik majmualari, meva, kunjut va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash korxonalari tashkil etish hamda tayyor mahsulotni Saudiya Arabistoni bozoriga eksport qilishga qaratilgan loyihalarga qiziqish bildirildi.

Sog‘liqni saqlash sohasi ham alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Tibbiyot muassasalarini boshqarishga raqamli texnologiyalarni joriy etish, talab yuqori bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, O‘zbekistonda shifokorlar va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar tahlili qilindi. Bundan tashqari Saudiya Arabistoni ilg‘or texnologiyalarini jalb qilgan holda mamlakatda ko‘p tarmoqli tibbiy komplekslar yaratish taklif qilindi.

Saudiya tomoni yaqin kelajakda barcha takliflar tegishli idora va kompaniyalar rahbarlari tomonidan o‘rganilib, ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi. Shu munosabat bilan ko‘rib chiqilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi.

O‘zA