English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni aviakompaniyasi Namanganga ilk parvozni amalga oshirdi
10:34 / 2023-10-17

Mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish, ayniqsa, ziyorat turizmini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mahalliy hamda xalqaro aviatashuvchilar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtdoshlarimizning ikki muazzam manzillar sari ziyoratlari ko‘lami ortib borayotganini e’tiborga olgan holda Saudiya Arabistonining “Flynas" aviakompaniyasi ilk bor Jidda – Namangan – Jidda yo‘nalishida parvozni amalga oshirdi.

Bundan avval “Flynas" aviakompaniyasi mamlakatimizdan Jidda shahriga dastlabki parvozni joriy yilning sentyabr oyida Toshkent xalqaro aeroportidan yo‘lga qo‘ygan edi. Har ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar Haj va Umra ziyoratiga boradigan ziyoratchilar, tadbirkorlar va sayyohlarni tashish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Aviakompaniyaning “Airbus-320 Neo” rusumli havo kemasi Namangan xalqaro aeroportida an’anaga ko‘ra, sun’iy suv arkasi hosil qilingan holda kutib olindi. Ro‘yxatdan o‘tish oldidan aeroport direktori Muhammadxon Ahmedov va “Flynas" aviakompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Boburmirzo Ismoilov ishtirokida shirinlik tortilib, ramziy ma’noda yangi aviareysga start berildi.

Jidda – Namangan –Jidda yo‘nalishidagi parvozlar haftada uch marotaba – dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Parvoz davomiyligi 5,5 soatni tashkil qiladi. Qayd etish joiz, arab aviakompaniyasi samolyoti ilk bor Namangan shahridan 166 nafar yo‘lovchini Jidda shahriga olib ketdi.

– Uzoq yillar aviasozlik zavodida va boshqa ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qildim. Bugungi kunda keksalik gashtini suryapman. Turizmga, ayniqsa, muqaddas ziyoratlarga borish uchun keng yo‘l ochilganidan qalblarimiz bag‘oyat shukronalikka to‘lmoqda, – deydi Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Suvyulduz qishlog‘ida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Xodimjon Qosimov. – Hozirgidek imkoniyatlar bundan yetti yil avval umuman xayolimizga kelmagan. Turagentliklar va avikompaniyalar ziyoratchilarga beminnat xizmat qilmoqda. Shunday g‘amo‘rlik tufayli ayolim bilan Umra ziyortiga otlanyapmiz.  

Ma’lumot uchun: Saudiya Arabistoni Qirolligining eng yirik byudjet aviatashuvchisi hisoblangan "FlyNas" aviakompaniyasi 2007 yilda tashkil etilgan. “World Travel Awards” hamda “Skytrax” xalqaro tashkilotlari tomonidan Yaqin Sharqning arzon narxlardagi yetakchi aviakompaniyasi, deb topilgan. 27 ta samolyot parkiga ega bo‘lgan mazkur kompaniyaning hozir 17 ta mahalliy va 53 ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha muntazam reyslari mavjud.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri.