Sardoba tumanidagi Navro‘z mahallasida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Mehnat yarmarkasining ochilishida tuman hokimi Ziyodulla Karimov tadbirning asosiy maqsadi, tumanda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi.
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida Sirdaryo viloyatida joylashgan 30 dan ortiq korxona va tashkilot 1000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashib, ish izlayotgan 300 nafar ishsiz fuqaroga vakant joylar haqida atroflicha ma’lumot berildi. 100 nafarga yaqin fuqaroga turli korxonalarda mehnat foliyatini olib borishi uchun tegishli yo‘llanmalar taqdim qilindi. Mehnat yarmarkasi doirasida ishsiz aholi vakillari tajribasi va bilimi, xohishi va imkoniyati asosida turli korxonalarga ishga yo‘naltirildi.
Yarmarka davomida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 15 nafar fuqaroga o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida subsidiya asosida asbob-uskunalar, shuningdek, 90 dan ortiq fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratish to‘g‘risida tijorat banklarining sertifikatlari hamda 3 nafar fuqaroga ”Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan nogironlik aravachalari taqdim qilindi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari