
Samarqanddagi “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi hududida barpo etilgan Kongress-xollda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqligi: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya boshlandi.
Anjumanni tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov ochib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga murojaatnomasini davlatimiz rahbarining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirning tantanali ochilish marosimida, shuningdek, konferensiya ishida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropa investitsiyalar banki vitse-prezidenti Tereza Chervinskaya, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xelga Shmid ham so‘zga chiqdi.

Yuqori martabali mehmonlar saroy ayvonida esdalik uchun suratga tushishdi. Shundan so‘ng anjuman dasturiga ko‘ra yalpi majlis boshlandi. Yig‘ilishni Yevropa Kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Terxi Xakala boshqarib boryapti.
G‘ayrat XONNAZAROV,
Alisher Isroilov, Doniyor Yoqubov (surat),
O‘zA