English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda 31 yillikka 31 yangi mahalla binosi qurildi
12:00 / 2022-08-28

Vatanimiz mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida Samarqand viloyati tuman va shaharlarida o‘ttizdan ortiq yangi mahalla binolari foydalanishga topshirilmoqda.

Jumladan, bugun Samarqand shahri, Paxtachi, Payariq, Nurobod tumanlarida 15 mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z yangi binolariga ega bo‘ldi.

Birgina Nurobod tumanida mahallaliy byudjet va homiylar mablag‘i hisobidan Buloqboshi, Qo‘rg‘oncha va Yuksalish mahallalari uchun har tomonlama qulay bo‘lgan binolar qurildi.

"Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini binosining ochilish marosimida Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va tuman hokimligi mas’ullari ishtirok etib, mahalla ahlini Mustaqillik bayrami va yangi bino bilan tabrikladi.

Mahalliy byudjetning 120 million so‘mlik mablag‘lari, homiylar yordami va hashar yo‘li bilan bunyod etilgan mahalla markazida hududda yashovchi 6 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatish uchun qulay sharoit yaratildi.

Namunaviy loyiha asosida qurilgan bino zarur mebel, kompyuter jihozlari va boshqa vositalar bilan ta’minlangan.

- Yil boshidan buyon viloyatimizda yuzdan ortiq yangi mahalla binolari foydalanishga topshirildi, - deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. - Avgust oyining o‘zida, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31 ta yangi mahalla binolari ochilmoqda. Bu, albatta, fuqarolar yig‘ini va mahalla aholisi uchun katta qulaylik yaratadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA