
“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022 yil ikkinchi mavsumidagi ovoz berish yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 1418 ta loyiha g‘olib deb topildi. Moliya vazirligi ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishini ma’lum qildi.
Ta’kidlash lozimki “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha ajratilayotgan mablag‘lar hududlarda aholining eng dolzarb muammolarini hal etishga yordam bermoqda. Shu bois mazkur jarayonda mahalla va idoralar, tumanlar kesimida fuqarolar o‘z loyihalarini qo‘llab-quvvatlab, ovoz berishda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi bosqichida aholi tomonidan 2888 ta taklif ilgari surilgan bo‘lib, hududiy ishchi komissiyalar tomonidan 1991 ta taklif ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan edi.
– Takliflarni qo‘llab-quvvatlash uchun viloyatimizning 850 mingdan ortiq fuqarolari ovoz berishda ishtirok etdi, – deydi Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzodjon Tursuntoshev. – Bu birinchi bosqichdagiga qaraganda ikki baravar ko‘p demakdir. Mazkur jarayonda 498 mingdan ortiq ovoz to‘planib, 144 ta taklif g‘olib deb topildi. Ovoz berish jarayonlarida Samarqand shahri (119 338 ta ovoz), Ishtixon (95 593 ta ovoz) va Nurobod (83 597 ta ovoz) tumanlari aholisi faol bo‘ldi va ularning ko‘plab takliflari eng ko‘p ovoz oldi. Jumladan, Nurobod tumani Tim qishlog‘idan Bunyodkor mahallasigacha bo‘lgan 5 kilometr yo‘lni asfalt qilish uchun eng ko‘p – 15115 ta ovoz yig‘ildi. Mazkur tumanning Sazag‘on mahallasi ahli ham qishloqqa kirish yo‘lini ta’mirlash uchun 14727 ta ovoz to‘plashga erishdi.
“Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan takliflar asosida viloyat bo‘yicha 19 ta umumta’lim maktabi, 30 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 11 ta bog‘cha, 16 ta mahalla binosi hamda 48 ta ichki yo‘l ta’mirlanadi. “Tashabbusli byudjet”ning joriy yilgi ikkinchi bosqichi uchun tuman va shahar hokimliklari qoshida tashkil etilgan fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga mazkur hududlarning tegishli byudjetlarning tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi hisobidan 78,4 milliard so‘m hamda I va II chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismining 30 foizi hisobidan 30,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
G‘.HASANOV, O‘zA