English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sari oltin yo‘l
14:50 / 2022-09-29

Angliyaning moliyaviy va biznes yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan «City A.M.» gazetasida «Samarqand sari oltin yo‘l» sarlavhali maqola chop etildi.

O‘zbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotson qalamiga mansub bo‘lgan ushbu maqolada, Samarqandda qurilib foydalanishga topshirilgan «Silk Road Samarkand» xalqaro sayyohlik markazi va «Abadiy shahar» majmuasi haqidagi muhim ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

«Men Samarqandga ilk bor bundan 15 yil avval borgan edim, deb yozadi Sofi Ibbotson. O‘shanda shaharda men va uch do‘stimdan boshqa g‘arblik sayyohlar yo‘qdek tuyuldi. Registon minoralari va Shohi-Zinda ansambli bizning ixtiyorimizda edi. Agar o‘shanda menga Samarqand oxir-oqibat dunyodagi eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanishini aytishganida, buning iloji yo‘q, degan bo‘lar edim».

Muallifning ta’kidlashicha, u 2022 yilning yozida Samarqandga yana kelgan. «Dunyoning yetakchi OAV O‘zbekistonni «sayohat qilish uchun eng yaxshi maskan», deb e’tirof etmoqda, mamlakatda sobiq ittifoq davridagi byurokratiyaga barham berildi, vizasiz rejim o‘rnatildi, Britaniyaning «SAGA» sayyohlik kompaniyasi turpaketlarni tashkil qilmoqda, deb yozadi u. Ipak yo‘lining Samarqand, Buxoro va Xiva yo‘nalishi 50 yoshdan oshgan britaniyaliklar uchun o‘zgacha taassurot bag‘ishlaydi. Men bu o‘zgarishlardan hayratdaman. Turizm jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning uchinchi renessans davri poydevorini targ‘ib qilmoqda, Samarqand esa yanada gullab-yashnamoqda».

Maqolada Samarqandning tarixiy markazi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani alohida qayd etilgan. Aniq ko‘rsatmalar nimani qurish, qayta qurish yoki o‘zgartirish mumkinligi uchun juda zarur. Samarqand markazidagi turistik infratuzilmani o‘zgartirishga ruxsat berilmaydi, chunki bu zarar keltiradi. «Shaharning sharqiy qismidagi sobiq eshkak eshish kanali atrofidagi hududni obodonlashtirish mantiqiy qaror bo‘ldi. Loyiha atigi ikki yil ichida amalga oshirildi, deydi muallif.

Samarqandning «Abadiy shahar» majmuasi va «Buyuk Ipak yo‘li» sayyohlik markazining ochilishiga bag‘ishlangan ajoyib marosim 23 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbir raqqosalarning go‘zal chiqishlari, lazer shoulari, feyerverklar va boshqa ko‘plab madaniy chiqishlar bilan yodda qoldi.

Quruvchilar ikki oy oldin hali ham qurilish maydonchasi bo‘lgan ushbu ob’ektni yakunlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Chunki qurilish muddatini kechiktirishning imkoni yo‘q edi. SHHTga a’zo barcha davlatlar rahbarlari va kuzatuvchilar, shuningdek, ularning delegatsiyalari sentyabr oyining o‘rtalarida bu yerga kelishi rejalashtirilgan edi. Muallifning yozishicha, bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yilda davlat rahbari sifatida saylanganidan keyin mamlakat qanchalik ochiqlik sari yuz tutganini yana bir bor ko‘rsatdi.

«Samarqandning «Abadiy shahar»i Rejep Erdog‘an va Si Szinpinda iliq taassurot qoldirdi, – deb yozadi nashr. –  Birinchi taassurot juda muhim. SHHT sammitining deyarli barcha ishtirokchilari joriy yil boshida modernizatsiya qilingan va Dehli, Dubay va Moskvadan atigi uch soatlik parvoz bo‘lgan Samarqand xalqaro aeroportiga yetib kelishdi. Yangi xalqaro terminal konsepsiyasi Samarqandning ilm-fan va san’at markazi sifatidagi o‘rta asrlar tarixidan ilhomlanib yaratilgan. Terminal binosi ochiq kitob shaklida bo‘lib, uning sahifalarida XV asr astronomi Mirzo Ulug‘bekning yulduzlar jadvalidagi balandlikdan ko‘rinib turgan yulduz turkumlari tasvirlangan, deyiladi maqolada.

Ma’lumot uchun, «City A.M.» bosma va onlayn nashrining oylik auditoriyasi 3 milliondan ziyod o‘quvchini tashkil etadi.

 

O‘zA (G.Sattorova)