English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sammiti: taraqqiyot, birdamlik yo‘lidagi hamkorlik
14:39 / 2022-09-29

bugungi kunda dunyodagi nufuzli xalqaro tuzilmaga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil 15 iyunda Shanxay shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan deklaratsiya asosida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri sifatida uning faoliyatida muhim va faol rol o‘ynamoqda. Mamlakatimiz tashabbuslari doim SHHTning xalqaro nufuzini va salohiyatini yuksaltirishga, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston SHHT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shish barobarida uning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida astoydil ish olib bordi. Yurtimiz SHHTga raislik davrida tuzilma doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intildi.

Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol o‘rni, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotidek tuzilmaga muvaffaqiyatli raisligi davlatning o‘rni tobora yuksalib borayotganidan hamda mamlakatning taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy maqsadga sodiq ekanligidan  dalolat beradi.

15-16 sentyabr kunlari bugun dunyo hamjamiyatining nigohi O‘zbekistonda bo‘ldi. Samarqand shahri yirik siyosiy xalqaro tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga mezbonlik qildi. Samarqand sammiti insoniyat oldida turgan murakkab muammolarni hal etishga, o‘zaro muloqotga, tinchlikni ta’minlashga, global miqyosda ogohlikka, hamkorlikka chaqiruvchi muhim tarixiy voqelik bo‘ldi.

Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevroosiyo mintaqasida joylashgan, ayni paytda nufusi jihatidan dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan mamlakatlar rahbarlarining bir doirada jamlanishi, bugungi global, geosiyosiy ziddiyatlar avjiga chiqqan va har qanday istiqbolni oldindan taxmin etish tobora qiyinlashayotgan bir davrda o‘z aktualligi bilan barchaning diqqat-e’tiborida turdi.

SHHT  ulkan iqtisodiy, siyosiy va demografik salohiyatga ega. Xususan,  dunyo yalpi ichki mahsulotining 30 foizi va dunyo aholisining 40 foizi SHHTga a’zo mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.  

Global inqirozlar kuchayishi sharoitida SHHT hamkorlik tashkilot sifatida birgalikda ijobiy rivojlanish namunasini ko‘rsatmoqda. Mohiyatan qaraganda, ushbu integratsiya birlashmasi jadal rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy manfaatlari hisobga olinadigan yangi, adolatli geosiyosiy makon yaratishga intilayotgan mamlakatlar klubiga aylanmoqda.  

Tashkilotga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlar sonining oshishi SHHT  harbiy-siyosiy tashkilot bo‘lmagani,  eng avvalo iqtisodiy birlashma ekanligini ko‘rsatadi.  Tashkilot formati, shuningdek,  global va mintaqaviy masalalarni hal etish imkonini ham beradi.

SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident farmoni bilan Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, Tashkilotga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, Samarqandda «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti barpo etildi. Bu esa, o‘z navbatida, poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qo‘shimcha sifatida O‘zbekistonning ayni jabhadagi ahamiyatini yanada kuchaytirdi.

Shunisi e’tiborliki, tashkilotga raislik – dunyoga ochilayotgan O‘zbekistonga o‘zini yangi formatda namoyon etish imkoniyatini berdi. Xususan, O‘zbekiston nafaqat ko‘p tomonlama kooperatsiyani mustahkamlash, balki har bir davlat bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish tajribasiga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash taklifini bildirdi. Ushbu dasturiy hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha jabhalarini qamrab olish, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga qaratilgani bilan quvonarlidir.  

Anjuman doirasida O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolangani ham ayni muddao bo‘ldi. Boisi, yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida muhokamada bo‘lgan bu loyihaning Samarqandda o‘z yechimini topgani ham O‘zbekiston tashabbuslarining naqadar ahamiyatli ekani va o‘zaro bog‘liqlik tendensiyalariga hamohangligidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, SHHTning Samarqand sammiti o‘zbek diplomatiyasining, tashqi siyosatining yana bir yutug‘i bo‘ldi. Zero, istiqbolimizning o‘tgan davrida hech qachon mamlakatimizda bunchalik ko‘p – 14 davlatning rahbari bir davraga muzokara va fikrlashuv uchun yig‘ilgan emas. Hech qachon SHHT doirasida rekord darajada – 44 ta bitim imzolangan emas.

Dilshod ARZIQULOV, 
O‘zbekiston Respublikasi 
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,  
psixologiya fanlari nomzodi. 
O‘zA