
Jumadan jumagacha
Rossiya Prezidenti 15-16 noyabr kunlari Balida o‘tadigan “G20” sammitida qatnashmaydi. Bu haftaning muhim xabarlaridan biri edi. Chunki...
Sal avvalroq Indoneziya rasmiylari Rossiyaning sammitda ishtirok etishi boshqa davlatlar tomonidan bosimga uchragan taqdirda taklif qaytarib olmasligini bildirgan edi. Shuningdek, mezbon davlat yetakchisi Joko Vidodo “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida “katta yigirmalik” forumni siyosatlashtirmas kerak, unda iqtisodiyot va taraqqiyot masalalari muhokama qilinadi”, deb ta’kidlagan edi.
Shu bilan birga, u “G20”ga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayib ketishi xavotirga solayotganini yashirib o‘tirmagandi.
AQSH yetakchisi ham “agar Rossiya rahbari “yigirmalik” ishida ishtirok etsa, unda Ukraina rahbarini ushbu yig‘ilishga chaqiramiz, deb qat’iy fikr bildirgandi.
Oxir-oqibat “G20” sammiti ishida ikki mojarochi davlatlar rahbarlari g‘alvaning orasiga tushmaydigan bo‘lishdi, ulardan biri yig‘ilishda videokonferensaloqa shaklida ishtirok etadi.
“Stalin ham chet elda o‘tadigan hamma uchrashuvlarga boravermagan. Kreml rahbarining “yigirmalik”ka borganda nima bo‘lardi-yu, bormaganda-chi? Tarixiy burilish sodir bo‘lmasligi aniq!”, deyishgacha borishdi ayrim tahlilchilar.
Ekspertlarning aksariyati ham rossiyaliklar rahbarining katta yig‘ilishda qatnashmasligini ma’qul bilishdi, chunki dunyo yetakchilarining ko‘zlari o‘ngida bir ishkal chiqishi hech gap emasdi.
To‘g‘ri gap ham shu-da, “yigirmalik” ichida rus tarafdorlari ko‘p bo‘lmasa-da, baribir bor. Sammit ishida jahon iqtisodiyotining muhim masalalari ko‘rib chiqiladi, deb urg‘u beriladi-yu, siyosat baribir aralashib qoladi...
Ko‘pchilikda Qo‘shma Shtatlar va Rossiya rahbarlari Balida uchrashsalar nimalar haqida gaplashgan bo‘lardi, degan savol tug‘ilishi tabiiy edi. Avvalo Amerika tomoni bunday uchrashuv bo‘lmasligini bir haftadan buyon gapirib keladi, mabodo u amalga oshgan taqdirda faqat bittagina masala muhokama qilinardi, u ham bo‘lsa harbiy asirlarni almashish masalasi... Janjalni to‘xtatish kerak, degan bo‘sh gaplarga behuda vaqt sarflanmasdi.
Rostanam “yigirmalik” “G7”dan nufuzli tizim. Bu yerda dunyoning G‘arb va Sharqdagi yetakchi davlatlarining mujassamlashgan pozitsiya aks ettiriladi. Jahon iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan bunday yondashuvlarga e’tibor bermaslik kelgusida ko‘p zarar keltirishi mumkin.
Rus yetakchisining onlayn tarzida chiqishi yoki yig‘ilishda videomurojaat qilishi kutilmoqda.
Oq uy rahbari “yigiralik”dagi rejasini jurnalistlar bilan baham ko‘rdi. Avvalo Ukraina atrofidagi vaziyat muhokamasini boshlab beraman, dedi u. Rossiya – Ukraina ziddiyatining energetika va oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sirini ko‘rib chiqish niyati borligini yashirmadi. Hind-Tinch okeani mintaqasida hamkorlikni mustahkamlash hamda Shimoliy Koreyaning ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish va ballistik raketalar uchirilishi bilan bog‘liq tahdidlarni kun tartibiga olib chiqishni va’da berdi.
Amerika yetakchisi hamma gapni ham jurnalistlarga ochiq-oydin aytmagani aniq. Tahlilchilarning taxminlariga ko‘ra, u Rossiyani “katta yigirmalik”dan chiqarish masalasini ko‘tarishi mumkin...
Buyog‘ini esa noyabr oyining o‘rtasida ko‘ramiz.
NATO yo‘lida...

Ikkinchi Jahon urushidan keyin G‘arb bloki mamlakatlari xavfsizlik va mudofaasini ta’minlash maqsadida 1949 yilda tuzilganidan beri NATO turli strategik konsepsiyalar ishlab chiqib faoliyatini yuritib kelmoqda.
Bugun esa Rossiya – Ukraina mojarosi davom etar ekan xalqaro siyosatda, xususan NATO mamlakatlari uchun ham tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash masalasi ko‘ndalang turdi.
Mutaxassislar fevral oyidan boshlab, Yevropa xavfsizligiga tahdid va xavf darajasi sezilarli oshdi, deyishmoqda.
Joriy yilning may oyida NATOning tabiiy ravishda kengayishiga sabab bo‘lgan Shvetsiya va Finlyandiya Shimoliy alyansga a’zo bo‘lish uchun ariza berdilar.
Mazkur xalqaro tashkilot uchun ikki Skandinaviya davlati begona emas, 90-yillarning o‘rtalaridan ular NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturida faol qatnashib keladi.
Bosh kotib Yens Stoltenberg ham Shvetsiya va Finlyandiya Alyansga yaqin mamlakatlardir, degan. Biroq fevral voqealari Xelsinki va Stokgolmni NATO quchog‘iga tezroq qo‘shilish istagini kuchaytirgan.
Madridda iyun oyida o‘tgan NATO sammitida deyarli barcha a’zo davlatlar bu ikkilikni Alyansga qo‘shilishini qo‘lladilar. 30 a’zodan faqat Vengriya Finlyandiya va Shvetsiyaning a’zoligiga shubha bilan qaradi, chunki u Rossiyani xafa qilib qo‘yishdan biroz cho‘chidi chog‘i.
Anqara ham bu davlatlarga qarshi chiqdi. “Ular milliy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda ittifoqchilik ruhiga mos kelmaydilar”, deb bayonot berdi.
Gapini asoslash uchun Turkiya bu davlatlarga bir qator e’tirozlar bildirdi. Ular orasida Kurdiston ishchi partiyasi, “Fathullochilar” va “Demokratik birlik partiyasi” kabi terror tashkilotlarining jangarilarini yashirganlikda aybladi. Shu bilan birga, ular o‘z hududlarida terror guruhlariga bemalol faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yib berdilar, dedi. Turkiya ularni qaytarib berishni talab qildi.
Bundan tashqari, Stokgolm Suriyaning shimolida Qurolli kuchlar 2019 yilda o‘tkazilgan “Tinchlik manbasi” amaliyotidan keyin Turkiyaga qurol-aslaha embargosini qo‘ygan edi, endi Anqara uni olib tashlashni ham so‘radi.
Uzoq tortishuvlardan keyin Shvetsiya, Finlyandiya va Turkiya Madrid memorandumini imzolashadi. Unga ko‘ra, Anqara Xelsinki i Stokgolm o‘rtasida “Doimiy qo‘shma mexanizm” yaratish nazarda tutilgan edi.
Hujjatga ko‘ra, ikki Yevropa davlati terrorizm bilan yanada samarali strategik kurash olib borish va Turkiyaga terrorchilarni qaytarib berish majburiyatini olish kerak.
11 sentyabrda o‘tgan saylovlar natijasida Shvetsiyadagi xokimiyat sotsial-demokratlardan yangi koalitsion hukumatga o‘tdi va bu voqea ancha umid beruvchi edi, deb taxmin qilishgan edi ekspertlar.
Darhaqiqat, 30 sentyabrda yangi hukumat Turkiyaga nisbatan qurol embargosini olib tashladi, terrorizm bilan kurash to‘g‘risida yangi qonunni qabul qildi.
Turkiya Shvetsiya va Finlyandiya Adliya vazirliklari bilan jinoyatlarni qaytarish masalasini alohida ko‘rib chiqdi.
Aslini olganda Turkiya NATOning kengayishiga qarshi emas. Ammo turk rahbariyati ikki davlatga nisbatan o‘z talablarini o‘zgartirmaslikda qat’iy turibdi.
Aslida Skandinaviya davlatlari Turkiyaga qarshi qarashlarini ochiq bayon qiladigan kurd tashkilotlarini terrorchi, deb bilmaydilar. Turk harbiylariga qurol-aslaha yetkazib berishdagi embargoni qo‘llashda ham inson huquqlari, ayniqsa, kurdlarni kamsitish masalasi ro‘kach qilingan.
Kurdlarning Turkiyadan qochib, mazkur davlatlarda panoh topishi sababi ayonlashdi. 2016 yilda harbiy to‘ntarishga urinishda qatnashgan fuqarolar uchun Shvetsiya va Finlyandiya ana shunday imkoniyat yaratib berdi...
Qozog‘istonliklar sinovi...

Qozog‘istonda navbatdagi saylovlar 2024 yilda o‘tishi kerak edi. Yil boshidagi noroziliklar, birinchi davlat rahbari bilan bog‘liq voqealar... xullas, vaziyat o‘zgardi.
Muddatidan avval saylovlar o‘tkazish mamlakat uchun yangilik emas. Nursulton Nazarboyev besh marta prezident etib saylangan, shundan uchtasi muddatiga yetmasdan o‘tkazilgan. Toqayev davlat rahbari bo‘lgan 2019 yilgi saylovlar ham muddatidan oldin tashkil etilgan edi.
Bu safargi saylovlarning natijasi aniq, Qosim-Jomart Toqayev g‘olib bo‘ladi. Ekspertlarning fikricha, qolgan nomzodlardan hech biri yetarli ovoz to‘play olmaydi.
20 noyabrda o‘tadigan “siyosiy kurash”da amaldagi davlat rahbarini ham qo‘shib hisoblaganda, olti kishi qatnashadi. Toqayevning barcha raqiblari siyosatda tajribasi yo‘q, kam tanilgan arboblardir.
Saylov e’lon qilinishi bilan unda qatnashish istagini 15 kishi bildirdi. Markaziy saylov komissiyasi polshalik etnik qozoq Bali Majets, mahalliy fuqarolar Inga Imanboy hamda ro‘yxatdan o‘tmagan demokratik partiya yetakchisi Jonbolat Mamayning ayoli hujjatlarini qabul qilmadi. To‘g‘rirog‘i, “Saylovlar to‘g‘risida”gi qonun bunga yo‘l qo‘ymadi. Birisi mamlakatda oxirgi 15 yil yashamagan bo‘lsa, boshqasi hali 40 yoshga to‘lmagan edi.
2019 yildagi saylovlarda ikkinchi o‘rinni egallagan Amirjon Kosanov birdan fikrini o‘zgartirib, hujjatlarini MSKdan qaytarib oldi.
Qolgan 12 kishi rosa saralanib, olti nafarginasi rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi.
“Siyosiy kurash”ga otlanib, unda qatnasholmaganlar orasida sobiq bosh vazir o‘rinbosari Nurjan Altayev, arxitektor Xayrulla Gabjalilov, tadbirkor Talgat Yergaliyev, iqtisodchi Jumatoy Aliyev, Moliya vazirligi xodimi Bakit Janaboyev, “Amaliy psixologiya” respublika tashkilotining rahbari Fatima Bizakova bor.
Endi saylov “kurashchilari” haqida. Bosh nomzod Toqayev, nomzodni biryo‘la uchta va bir qator jamoat tashkilotlari qo‘llashdi.
“Xabar” telekanalining “Xalq mikrofoni” dasturi o‘tkazgan so‘rovda aksariyat respondentlar besh nomzodni tanimasliklari, hatto ularning ism-familiyalarini eshitmaganliklarini aytishdi.
Ulardan biri – 67 yoshli Qozog‘iston fermerlar assotsiatsiyasi raisi Jiguli Dayrabayev. Muxolifat umummilliy sotsial-demokratik partiyasi nomzodi Nurlan Ausbayev haqida ma’lumotlar kam. Iqtisodchi, katta tadbirkorlik va siyosat bilan ilgari ishi bo‘lmagan.
Meyram Kajiken “Amanat” kasaba uyushmalari hamdo‘stligining nomzodi. “Zamonaviy jamiyat tadqiqot instituti” rahbari.
Qayddan o‘tgan ikki nafar ayol nomzodi bor. Saltanat Tursinbekova 30 yildan oshiq davlat xizmatida, prokuratura idoralarida xizmat qilgan.
Karakat Abdenning nomzodi “Professional ijtimoiy kasblar milliy alyansi” tomonidan kiritilgan. U “Qozoq qizi” madaniy-ma’naviy tarbiya ayollar institutini boshqaradi.
“Saylov to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlardan keyin olti nomzoddan g‘olib bo‘lgan biri yetti yil davomida davlatni boshqaradi, bundan keyin u qayta prezidentlikka da’vo qilishi mutlaqo mumkin emas.
Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, Jiguli Dayrabayev va Nurlan Auyesbayevning o‘zga rejasi bor: mazkur siyosiy jarayonda qatnashib, tajriba orttirish, siyosiy kapital to‘plab keyingi yilda mamlakatda o‘tadigan muddatidan ilgarigi parlament va mahalliy saylovlarda ishtirok etishni niyat qilganlar.
Saylovga sanoqli kunlar qoldi, uning natijasini kutib qolamiz...
Buguncha shu!
Kelasi jumada xabarlashguncha!
O‘zA siyosiy sharhlovchisi Abror G‘ulomov