
Jizzaxga kelgan Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Savdo vakolatxonasi vakili Konstantin Zligostev rahbarligidagi ishbilarmonlar delegatsiya a’zolarini viloyat hokimi Ergash Saliyev qabul qildi.
Ayni paytda Jizzax viloyatida Rossiya Federatsiyasi bilan umumiy qiymati 198 million 900 ming AQSH dollarilik 8 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Mazkur loyihalardan 3 tasi yil oxirigacha amalga oshirilib, hududda yengil avtomobillar, bo‘yalgan matolar ishlab chiqarish va logistika xizmati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Jizzaxning Rossiyaga qilgan eksport hajmi joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida 9 million 400 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Shuningdek, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Rossiyadan Jizzax viloyatiga qilgan import hajmi esa 8 million 300 ming AQSH dollarini tashkil qilmoqda. Ayni paytda Jizzax viloyatida Rossiya Federatsiyasi korxonalari ishtirokidagi 20 ta qo‘shma korxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 8 ta qo‘shma korxona sanoat, 4 tasi qishloq xo‘jaligi va qolgan 8 ta korxona boshqa turlardagi faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Shuningdek, Tatariston Respublikasi, Chelyabinsk, Rostov va Omsk viloyatlari bilan ham yaqindan hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalarda aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, 2022 yilning oktyabr oyida Qozon Federal universitetining ilk xorijiy filiali Jizzax shahrida ochildi. Tataristonning “XIMGRAD” AJ kompaniyasi bilan Jizzax shahri “Jizzaxplastmassa” AJ hududida texnopark tashkil etish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi doirasida hududda yirik plastikdan qurilish materiallarini ishlab chiqarish sanoat zonasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv doirasida ikki tomonlama savdo va iqtisodiy masalalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
A.QAYUMOV, O‘zA