
Turizm va madaniy meros vazirligi va uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan Samarqandda ilk bor “O‘zbekistonda restavratsiya san’atini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar” mavzusida restavratorlar seminari o‘tkazilmoqda.
Xalqimizning boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilg‘or tajribalarini samarali qo‘llash choralarini ko‘rib chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi restavrator ustalar ishtirok etmoqda.
Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri A.Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochdi.
– Vatanimiz hududidagi o‘tmishdan sado beruvchi ko‘plab tarixiy obidalarning mahobati, o‘ziga xos me’moriy uslubi, ming yillar silsilasidan bizgacha yetib kelayotgani butun dunyoni lol qoldirmoqda, – dedi A.Abduhakimov. – Mamlakatimizga sayyohlarning aksariyati ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan muhtasham san’at asarlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ulardagi ulug‘vorlikni his qilish uchun tashrif buyuradi. Lekin madaniy meros ob’ektlari, tarixiy obidalar bu faqatgina turizm ob’ekti emas, birinchi navbatda, xalqimizning boyligi hisoblanadi. Ularda buyuk tariximiz, madaniyatimiz aks etgan va uni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir. Ammo madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash juda nozik ish. Bunga o‘z ishining ustalarini, milliy me’morchiligimiz mutaxassislarini jalb etish zarur. Aks holda, tarixiy obidalarimizni tiklash o‘rniga, ularga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazishimiz mumkin.
Seminarda sohada mutaxassislar yetishmasligi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni ta’mirlash, tiklash ishlari madaniy meros qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilishi qayd etildi. Me’morchilik san’atining durdonalarini restavratsiya qilaman, ta’mirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazilgan holatlar ham bo‘lgan.
Bosh vazir o‘rinbosari ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi o‘n yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, O‘zbekiston restavratsiya san’atini butun dunyoga tarannum etishni ko‘zda tutilganini ta’kidladi. O‘rta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Ikki kun davom etadigan seminarda madaniy meros ob’ektlarini asrashga doir ishlarga malakali usta restavratorlarni jalb qilish, O‘zbekiston imidjini ko‘tarish, yutuqlarni ommalashtirish, sohadagi kamchiliklarni muhokama qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish hamda an’anaviy restavratsiya uslublarini qayta tiklash masalalari ko‘rib chiqiladi.
Mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 8210 ta moddiy-madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan. Ularning 4788 tasi arxeologiya, 2265 tasi arxitektura ob’ektlari, 625 tasi monumental san’at asarlari va 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.
So‘nggi uch yilda 250 dan ortiq madaniy meros ob’ekti restavratsiya va konservatsiya qilingan. Mazkur ob’ektlarga davlat byudjetidan 339 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. bugungi kunda respublikamizda 400 dan ortiq usta-restavratorlar bor. Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi “Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Madaniy meros ob’ektlari direksiyasi” davlat muassasasining “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qo‘qon”, “Xiva” mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda.
Mazkur restavratsiya markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros ob’ektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida ta’mirlash-tiklash va konservatsiyalash ishlarini olib borish, madaniy merosimizni O‘zbekistonda hamda xorijda keng targ‘ib qilish, uning noyob namunalarini saqlab qolish orqali kelajak yosh avlodga yetkazish hisoblanadi.
Anjuman davomida ishtirokchilar Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlog‘i, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi, Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va boshqa madaniy meros ob’ektlarida bo‘ladi.
G‘.Hasanov, O‘zA