
Joriy yilning 26-29 mart kunlari O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim va fanni yanada integratsiyalashtirish, intellektual salohiyatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilmiy-amaliy forum o‘tkaziladi.
Mazkur forum O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshchiligida 27 mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muloqotlar o‘zbek-koreys tillarida sinxron tarjima orqali olib boriladi. Ishtirokchilarning taqdimoti ingliz tilida ham tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Bu anjumanning bir qismini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilishi so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalariga berilgan akademik va moliyaviy mustaqillik natijasidir.
Ta’kidlash joizki, Janubiy Koreya O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirayotgan yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishda eng faol hamkorlardan biri. Hamkorlik kimyo, neft-gaz, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va boshqa muhim sohalarida qo‘shma loyihalarni faol amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Ikki davlat o‘zaro tovar ayirboshlashi 2021 yilda 1,8 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, 2022 yilning yanvar-avgust oylarida 1,6 milliard dollardan oshgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda Janubiy Koreya kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 100 ga yaqin investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikda O‘zbekiston-Janubiy Koreya yelkama-yelka global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turish, «aqlli» shaharlar, smart-fermalar yaratish, IT va elektromobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirmoqda.
Jumladan, o‘tgan davrda moliya-texnikaviy ko‘mak sohasida Koreya «Eksimbank» iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) tizimi doirasida 2021-2022 yil 1,37 milliard AQSH dollariga teng 12 ta loyiha amalga oshirildi. Bu sarmoyalar Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Janubiy Koreya agentligi (KOICA) tomonidan O‘zbekistonga beg‘araz texnika-texnologiyalar taqdim etish, mutaxassislar va xodimlarni Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish, koreys ekspertlari va ko‘ngillilarini O‘zbekistonga yuborishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Keng qamrovli hamkorlik
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik 1992 yildan boshlangan bo‘lib, bugun yurtimizdagi 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 48 ta umumiy o‘rta ta’lim maktab va litseylarda koreys tili o‘qitib kelinadi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning 45 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Inha (Inha University in Tashkent), Puchon (Bucheon University in Tashkent) kabi nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallari hamda Farg‘onada Janubiy Koreya xalqaro universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ilm dargohida Janubiy Koreyadan 11 nafar tajribali pedagog jalb qilingan. Kelgusida ularning soni 43 nafarga yetkazilishi mo‘ljallanmoqda. Hozirda ushbu xalqaro ta’lim dargohi uchun 4 ming o‘rinli yangi bino qurilgan, unga 10 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya sarflangan.
Mazkur universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida ilg‘or o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘zbek, koreys va ingliz tillarida olib boriladi. Muassasada gumanitar hamda texnik-muhandislik yo‘nalishlarida ta’lim beriladi. Xususan, turizm menejmenti, maktabgacha ta’lim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti fanlari o‘qitiladi.
Shuningdek, mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika va elektronika muhandisligi, arxitektura va kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Shuningdek, davlatimiz tomonidan 2021 yil 1 fevralda esa Yodju (Ajou University in Tashkent) universitetining filiali ochilgan. Toshkentda Koreya metodologiyasi bo‘yicha tashkil etilgan 324-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati ham shular jumlasidan.
bugungi kunda Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish va tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 50,6 million dollarlik 8 ta loyiha tasdiqlangan. 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy–texnik hamkorlik institutlari dasturi ishlab chiqilgan.
«Rektorlar forumi»ning keng doirada o‘tkazilishi ikki do‘st davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum doirasida rektorlar ma’ruza va taqdimotlarida ta’lim, fan, iqtisodiyot, muqobil energetika va «yashil iqtisodiyot» hamda ekoturizm-turizm kabi dasturlar doirasida ilmiy muzokaralar olib borilishi taxmin qilinmoqda. Anjumanning ikkinchi kuni esa, mehmonlar hamisha go‘zal va navqiron Samarqand shahriga tashrif buyuradi.
O‘rni kelganda aytish joizki, ikki tomonlama anglashuv memorandumi asosida bugun Janubiy Koreya ta’lim muassasalarining iqtisod va turizm fakultetlari bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarda talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, o‘quv adabiyotlari va qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari kundan-kunga kengayib bormoqda.
Ta’lim va fan sohasida bunday keng ko‘lamli munosabatlar ikki davlat o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya...
Janubiy Koreya va O‘zbekistonning ko‘p qirrali hamkorligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, respublikalar o‘rtasida 181 ta hujjat imzolangan bo‘lib, ulardan 4 tasi davlatlararo, 53 tasi hukumatlararo, 75 tasi idoralararo va 49 tasi xalqaro darajada.
Mazkur hujjatlar ijrosiga ko‘ra, bugun mamlakatimiz taraqqiyotini belgilovchi ta’lim sohasi ravnaqining bir qismi O‘zbekiston-Janubiy Koreya ta’limi yondashuvlarida aks etmoqda.
Janubiy Koreya ta’limi o‘ziga xos hisoblanadi. Masalan, Koreya universitetlari orasida aniq iyerarxik piramida mavjud, shu bois diplomlarning kotirovkasi juda qulay. Janubiy Koreyada ta’lim korrupsiyasiz va raqobatbardosh, bu ilg‘or usul va normalar ta’lim olishning arzonligi, talab va taklifga qarab mutaxassislar yetishtirishni o‘rgatadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ham ikki davlat oliy ta’lim sohasida kadrlar tayyorlashda almashinuv dasturlarini bundan-da kengroq yo‘lga qo‘yish va kelgusidagi mazmunli hamkorlikdan manfaatdor.
TDIU va Janubiy Koreya universitetlari o‘rtasida ta’lim sifatini oshirish, talaba va o‘qituvchilarning akademik mobilligi, tadqiqotchi-olimlar o‘rtasidagi hamkorlikda o‘quv qo‘llanma, monografiya, darsliklar va uslubiy materiallarni sifatli tayyorlash, nashr etish, elektron va masofaviy ta’lim uchun resurslarni yaratishga intilmoqda.
Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat bosqichida 1 nafar janubiy koreyalik talaba Iqtisodiyot (tarmoq va sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. O‘z navbatida universitetning 7 nafar talabasi Kyongdong universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumiga muvofiq talabalar almashinuvi dasturida ishtirok etgan.
Universitetimizning 4 nafar talabasi Keimyung universitetining akademik almashinuv dasturi bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda moliya yo‘nalishlarida tahsil olib qaytgan. Hozirgi kunda 2 nafar Korporativ boshqaruv fakulteti talabasi Keimyung va Solbridge OTMlarida akademik almashinuv doirasida tahsil olmoqda.
Universitetning ta’lim va tadqiqot jarayoniga janubiy koreyalik Nobel mukofoti laureati, professor Ray Kvon Chung jalb qilingan. Professor Ray Kvon Chung bilan hamkorlikda «Yangi iqlim innovatsiyalari markazi» tashkil etilgan va muqobil energetika bo‘yicha yosh olimlar bilan ishchan loyihalar ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, universitetning Raqamli iqtisodiyot va axborot texno-logiyalari kafedrasi hamda Moliya kafedrasi professor-o‘qituvchilari 2022 yilning 14-18 noyabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasi Deygu shahrida o‘tkazilgan "Daegu Global Robot Business Forum - 2022» xalqaro anjumanida faol ishtirok etdi.
Yangi haftada kutilayotgan «Rektorlar forumi»da «Rektor +1» shaklida qatnashuvchilar ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Amaliy ahamiyatga ega anjumanning ikkinchi kuni Janubiy Koreya delegatsiyasi hamkorligida Samarqand davlat universitetida davra suhbati, seminarlar tashkil etilishi belgilangan.
Muxtasar qilib aytganda, nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy Forum doirasida amalga oshiriladigan xayrli ishlar ikki do‘st xalq va mamlakat manfaatlariga, rivojiga xizmat qiladi.
Sherzod QURBONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi