
Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar qizg‘in pallada davom etmoqda. Ma’lumki, shu yilning 30 aprel sanasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkaziladi.
Mazkur referendumga tayyorgarlik jarayonlari, referendum va saylovning farqli jihatlari, fuqarolarning referendumda ishtirok etish tartiblari haqida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari Xudoyor Mamatov bilan suhbatlashdik.
— Avvalo, referendum va saylovning farqli jihatlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
— Har ikkala institut ham siyosiy institut sifatida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masala hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat ishlarini boshqarishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etishlari mumkin. Bevosita ishtirok etish bu — davlat boshqaruvida muayyan lavozimlarda ishlash yoki saylov jarayonlarida davlat hokimiyatining vakillik organlarini shakllantirishda, ya’ni parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod sifatida ishtirok etish va saylanish orqali ishtirok etishi mumkin.
U yoki bu nomzodga ovoz berish orqali ham fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etadilar. Masalan, parlament saylovlarida siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro kurash boradi. Fuqarolar partiyalarning dasturlari yoki ma’qul bo‘lgan nomzodga ovoz beradilar. Natijada saylangan vakillari orqali davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etadilar.
Referendum va saylovning farqli jihatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi: referendumda mamlakat hayoti uchun eng muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan qonun yoki qaror qabul qilish masalasi umumxalq ovoziga, ya’ni fuqarolar ovoz berishlari uchun qo‘yiladi. Bu jarayonda fuqarolar erkin va ixtiyoriy ravishda o‘z munosabatini bildiradilar.
Saylovda esa bir nechta nomzodlar taqdim etiladi, fuqarolarga o‘zlariga munosib nomzodni tanlash imkoniyati beriladi. Demokratik saylovlar sog‘lom raqobat muhitida, bir emas, bir nechta nomzodlar qo‘yilgan holda o‘tkazilishi lozim.
— Demak, o‘z-o‘zidan saylov va referendum byulletenlari ham bir-biridan farq qiladi. Joriy referendum byulleteni qanaqa shaklda bo‘ladi?
— Referendum byulleteniga referendumga qo‘yilayotgan masalaning matni yoki savolnomasi kiritiladi. Joriy referendum haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilyapti. Shu bois mazkur referendum byulletenida “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasini qabul qilasizmi?” degan savol qo‘yiladi.
Alohida urg‘u berish kerakki, “ma’qullaysizmi”, “qo‘llab-quvvatlaysizmi” shaklida emas, aynan “qabul qilasizmi” ko‘rinishida savol qo‘yiladi. Chunki qonunchiligimizdagi tartiblarga ko‘ra, avvalo, parlamentning o‘zi Konstitutsiyani ham, qonunlarni ham qabul qilish vakolatiga ega. Ikkinchi yo‘li esa umumxalq ovozi, ya’ni referendum orqali ham qonunlarni qabul qilish mumkin. Shuning uchun “qabul qilasizmi” degan savol qo‘yiladi.
Ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “ha” yoki “yo‘q” yoxud “rozi” yoki “qarshi” deb ko‘rsatiladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘tkaziladigan referendumda fuqarolarimiz “ha” javobini belgilaydigan bo‘lsa va bu 50 foizdan ortiq ovozni tashkil etsa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qabul qilinadi hamda mamlakatimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi amalga kiritiladi.
— Referendumga tayyorgarlik ko‘rish borasida qanday chora-tadbirlar olib borilmoqda?
— Parlament tomonidan referendum o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bosqichlarini o‘zida aks ettirgan kalendar rejasini tasdiqladi. Ayni paytda unga muvofiq tayyorgarlik ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari chegaralari doirasida referendumni o‘tkazuvchi 14 ta okruglar tashkil etildi. Shuningdek, referendumni o‘tkazuvchi okrug komissiyalari hamda ularning shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
Qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning referendum tayinlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganidan keyin 25 kundan kechiktirmasdan referendumni o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari tashkil etiladi hamda ularning a’zolari tasdiqlanadi.
Referendumni tashkil etish va o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasi, referendumni o‘tkazuvchi okrug hamda uchastka komissiyalari mas’ul hisoblanadi.
Referendumning ochiq-oshkora, adolatli o‘tishida ommaviy axborot vositalari ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ham Nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, referendum e’lon qilingandan boshlab referendum kuniga 10 kun qolgunigacha OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tishlari lozim bo‘ladi.
Shuningdek, referendumning milliy va xalqaro talablarga muvofiq o‘tishini ta’minlashda kuzatuvchilar instituti ham mavjud. Ya’ni, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar qonun talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tib, jarayonlarni xolis kuzatib borishlari mumkin. Ular muddatidan oldin ovoz berish, uchastka komissiyalari faoliyati, referendum kuni ovoz berish hamda eng muhim bosqich — ovozlarni sanash jarayonlarini ham kuzatish huquqiga ega bo‘ladilar.
— Referendumda fuqarolarning ishtiroki juda muhim. Shu ma’noda fuqarolarning ishtirok etish tartiblari haqida ham batafsil ma’lumot bersangiz.
— Har bir fuqaro, avvalo, o‘zining referendum uchastkasi hududi qayerda joylashganini, unda ishtirok etish tartiblarini bilishi lozim. Agar ovoz berish kunida o‘z hududida bo‘lmasa, muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin.
O‘tgan saylovlarimizda sinov tariqasida saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi yo‘lga qo‘yilgan va bu muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Unda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat asosida saylovchilar qaysi uchastkada ro‘yxatda turganligini bilishlari mumkin.
Yana bir holat: talabalar, ichki va tashqi migrantlarimiz bor, ular ayni ovoz berish kuni o‘z yashash hududida bo‘lmasligi mumkin. Ana shunday holatlarda saylovchilarimizga tezkor interfaol xizmat ko‘rsatish xizmati mavjud. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Markaziy saylov komissiyasining sayti orqali ushbu xizmatdan foylanish mumkin.
Ya’ni, fuqarolarga referendum o‘tkazuvchi uchastkasini aniqlash yoki o‘zgartirish xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Fuqarolar o‘z hududidagi referendum o‘tkazuvchi uchastkaga borib, ro‘yxatda bor-yo‘qligini aniqlashi mumkin. Shuningdek, Internet orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Markaziy saylov komissiyasining saytiga kirib, qaysi uchastkaga biriktirilganini aniqlashlari mumkin bo‘ladi.
Agar fuqarolar o‘zlari yashayotgan hududdan boshqa hududdagi uchastkaga biriktirilgan bo‘lsa, interfaol xizmat ko‘rsatish xizmatining keyingi bosqichiga o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirgan holda o‘zlarining uchastkasini o‘zgartirish imkoniyatiga ham ega.
PS: Suhbatning to‘liq shakli bilan quyidagi videohavolada tanishish mumkin.
<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/YSBoF_01p3w" title="Referendum va saylovning farqi nimada?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muhtarama Komilova,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA