English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Raqamli avlod IT haftaligi» yakunlandi
16:23 / 2022-11-26

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan "Google“ kompaniyasi hamda ”Digital Generation Uzbekistan“ nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida axborot texnologiyalari sohasiga qiziqish bildirgan yoshlar uchun tashkil etilgan «Raqamli avlod IT haftaligi» yakunlandi.

Yangi O‘zbekiston universitetida mazkur haftalik yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Haftalik doirasida "Robo Labirint", "Robo Futbol", "DG Contest", "Cyber sport" yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar va "GDG Google Devfest" tadbiri tashkil etildi. «Raqamli avlod IT haftaligi»ning yakuniy tadbiri sifatida "Google Developer Groups" kompaniyasi bilan birgalikda "Devfest -2022"  festivali ham o‘tkazildi. 

Ushbu IT tadbirda o‘z sohasi bo‘yicha taniqli bir qator xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi. Ular orasida «Angry birds» o‘yini yaratuvchisi Piter Vesterbaka ham onlayn mashg‘ulot o‘tdi.  

Yana bir muhim jihat – "Google Developer Groups" kompaniyasining "Devfest-2022" tadbiri "Google"  kompaniyasining Markaziy Osiyodagi platformasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilindi.  

– O‘zbekiston yoshlarining axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishi va bu sohada bilim olishga bo‘lgan intilishi meni juda hayratga soldi, – dedi "Google Developer Groups" kompaniyasining ilmiy ishlanmalar bo‘yicha muhandis-eksperti Sayak Pol. – Ayni paytda yoshlarning bu qiziqishlari davlatingiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotganining guvohi bo‘ldik. Haftalik doirasidagi anjumanda "Google Cloud Platform" dasturlari bo‘yicha ma’ruza qildim. 

– Dasturlash sohasiga juda qiziqaman, – dedi Toshkent shahridagi 222-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Mustafo Erkinov. – Lekin bu sohada hali ko‘p o‘qib, o‘rganishim kerakligini bilaman. Haftalik doirasidagi mashg‘ulotlar axborot texnologiyalariga oid bilimlarimizni yanada boyitdi.  

Haftalik yakunida turli musobaqalar, tanlovlarda faol qatnashgan yoshlar taqdirlandi.  

 Nazokat Usmonova,  O‘zA