
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan "Google" kompaniyasi hamda "Digital Generation Uzbekistan" nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida axborot texnologiyalari sohasiga qiziqish bildirgan yoshlar uchun "Raqamli avlod IT haftaligi" tadbiri o‘tkazilmoqda.
Mazkur haftalik zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziquvchi o‘quvchilarning bilim va salohiyatini yuksaltirish, ularning qiziqishlarini yanada kuchaytirish, yangi izlanishlarga turtki berish maqsadida tashkil etildi.
Haftalik doirasida Robo Labirint, Robo Futbol, DG Contest, Cyber sport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar va GDG Google Devfest tadbiri tashkil etiladi. Shuningdek, haftalik seminarlari, o‘quv mashg‘ulotlari, mahorat darslarida o‘ndan ortiq xalqaro axborot texnologiyalariga oid kompaniyalarning vakillari ham murabbiy sifatida ishtirok etadi.
Robototexnika respublika musobaqalarida 101-, 102-, 106- ixtisoslashtirilgan maktablardan ham eshitish qobiliyati zaif bolalar ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Onlayn va oflayn formatdagi mazkur tadbirda jami uch yarim ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etmoqda.
–Lego qurilmalaridan robotcha yasadik, – dedi Toshkent shahrining 112-maktabi o‘quvchisi Sarvar Sa’dullayev. – Bu robotni o‘rtog‘im Kamron Ermuhamedov bilan birgalikda tayyorladik. Unga maxsus dastur biriktirilgan. Robotimizni robolabirint musobaqasida ishtirok etishga shaylayapmiz. U murakkab labirint yo‘llaridan betalofat chiqib ketishiga ishonamiz.
Kamron Ermuhamedovning aytishicha, bunday mashg‘ulotlar bo‘sh vaqtga umuman o‘rin qoldirmaydi. Aqlni charxlaydi. Kelgusida esa bolalar uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajaruvchi robot yasashni ko‘zlashmoqda.
Umuman olganda, "Raqamli avlod IT haftaligi" axborot texnologiyalari, robototexnika sohalariga qiziquvchi bolalarni bir ma’rifiy maydonga to‘plagani bilan ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri