English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi
16:59 / 2023-09-23

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismida o‘tayotgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘inida ishtirok etayotgan 100 nafar yosh yigitning Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik F.Ziyabayev, Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘.Qodirov, viloyat hokimining o‘rinbosari A.Sovurboyev, Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi raisi M.Rahmonberdiyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda har bir rahbar o‘z ish faoliyati, hayotiy tajribasi, xizmat vazifasi, shuningdek, mamlakatimizda bugungi yoshlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar xususida atroflicha to‘xtaldi va ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, ularning yurtimiz ravnaqi, xalqimiz faravonligi yo‘lida erishayotgan yutuqlari haqida gapirib berdi.

– Ushbu muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini ishtirokchilarining harbiy qismda olgan taassurotlari, o‘rgangan kasb-korlarini hayotga tatbiq etishdagi rejalari bilan fikrlashish, shuningdek, ularning orasidan milliy armiyamiz saflarida qolib xizmat qilish istagini bildirganlariga yangi imkoniyatlar yaratish hamda ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir, – dedi Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev.

Shuningdek, yoshlarga Qurolli Kuchlarga muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatni davom ettirish tartibi, oliy harbiy ta’lim muassasalarining imtiyozlari, Vatan himoyachilari erishayotgan yutuqlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumotlar berildi.

Rahbarlarning qiziqarli hayotiy hikoyalari yig‘in davomida harbiy xizmatda qolish istagida bo‘lgan yoshlarning shijoatini oshirib, ularni yanada ruhlantirib yubordi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda so‘zga chiqqan yoshlar tartib- intizomga o‘rgangani, tinchlik va ota-onasining qadriga yetganligi va harbiy xizmatga qiziqishi ortganligini ta’kidlab, buning barchasi uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar kelajakdagi rejalari haqida ham so‘zlab berishdi.

Uchrashuvda yoshlarning murojaatlari tinglanib, qo‘mondon milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagini bildirgan yoshlarga harbiylar safiga qo‘shilish imkoniyatini berdi va tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, harbiy guvohnoma olish istagi bilan murojaat qilgan “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini bitiruvchilari – Paxtakor tumanidan Akmal Yuldashov, forishlik Jamshid Elmurodov hamda Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi Hayotbek Orziqulovlarga harbiy guvohnomlar tantanali ravishda topshirdi.
Jizzaxda o‘tgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA