English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish materiallari: ichki bozorda mahsulot narxining oshib ketmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
14:49 / 2022-09-29

Zamonaviy me’morchilik yangi, sifatli, arzon, yengil va zilzilabardosh, innovatsion mahsulotlarni talab qiladi.

Bugun mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati sohasiga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

Innovatsion rivojlanish vazirligi Mis sanoati klasterlari va iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Behzod Tolibovning ta’kidlashicha, bugungi kunda qurilish materiallarining mahsulot turi, sifati, hajmini ko‘paytirish, ularni ishlab chiqarishda zamonaviy, samarali va tejamkor texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda keng miqyosdagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda. 

Xususan, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida hozirgi kunda qurilish materiallarini mahalliylashtirish va yangi turlarini ishlab chiqish bo‘yicha umumiy qiymati 12,1 milliard so‘mlik 10 ta (shundan 7,7 mlrd. so‘mlik 6 ta amaliy, 4,4 mlrd. so‘mlik 4 ta innovatsion) loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan umumiy moliyalashtirish hajmi 2,75 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha yakunlangan. 2021 yilda qurilish sohasiga taalluqli 13 ta ishlanma tijoratlashtirilgan bo‘lib, jami 0,73 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va 1,06 milliard so‘mlik mahsulot realizatsiya qilingan hamda 2,3 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan joriy yil davomida kimyosanoat yo‘nalishi bo‘yicha 16 ta loyiha tijoratlashtirilmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan 17,7 milliard so‘mdan ortiq hamda tarmoq tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 12,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilindi. 

2019-2022 yillarda startap loyihalar tanlovi natijalariga ko‘ra, jami 7,5 milliard so‘mlik qurilish va arxitektura sohasiga oid 9 ta startap loyihalar moliyalashtirilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida soha kesimida 162 ta yangi ishchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Joriy yil davomida kimyosanoat yo‘nalishi bo‘yicha 16 ta loyiha tijoratlashtirilmoqda.  

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasining "HuaTai Beton Build Materials LLC" kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumiga asosan Namangan shahrida umumiy qiymati 1 mln. AQSH dollari bo‘lgan qurilish betoni va beton plita ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida qurilish ishlari yakunlanib, zaruriy uskunalar Xitoy davlatidan olib kelinib, montaj ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Loyiha doirasida 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

QURILISH MATERIALLARIGA INNOVASIYALAR KIRIB KELMOQDA 

So‘nggi besh yilda yangi turdagi innovatsion, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi gulqog‘oz, suyuq gulqog‘oz, zoloblok, gazoblok, penoblok, polistrolblok, kompozit (asbestsiz) shifer, yumshoq tom yopqich materiallari, issiqlik izolyatsiya materiallari, bazaltdan armatura, bazaltdan tola, bazaltdan setka, frita, geotekstil, geomembrana, geosetka, georeshetka, geokompozit kabi qurilish materiallari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘zlashtirildi. 

Gips asosidagi quruq qurilish aralashmalariga o‘simlik va yog‘och qipiqlarini qo‘llash, mahalliy xom ashyolar asosida elektrod butlovchi mahsulotlar olish, yangi avlod kompleks qo‘shimchali ko‘pik-beton strukturasi va texnologiyasi, mahalliy xom ashyolar asosida ko‘pchitilgan vermikulitni gidrofoblash va yengil issiqlik saqlovchi materiallar texnologiyalari va shu kabi tadqiqot natijalari amaliyotga joriy qilingan. Bu o‘z navbatida, nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki xorijiy davlatlarga eksport qilishga ham imkoniyat yaratmoqda. 

2020-2021 yilda 38 ta tadqiqot natijasi amaliyotga qo‘llanilgan hamda «Kvars» AJ tomonidan umumiy qiymati 700 mlrd. so‘mlik «Yangi sayqallangan oyna float-liniyasi» innovatsion loyihasi Xitoy, Germaniya, Fransiya kabi sanoati rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or texnologiyalarining transferi asosida amalga oshirildi. 

2022-2023-yillarda yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari, jumladan, 2022 yilda bazaltdan armatura – 300 tonna, geosetka – 6 ming kv.m, suyuq oboy – 510 tonna, gazobeton (avtoklav usulda) – 183 ming kub.m, kvars qumidan mineral plitalar – 9 ming tonna, shuningdek, 2023 yilda 18 ming tonna bazal’tdan kompozit quvurlar, 300 ming kv.m HPL panellari (yuqori bosimda presslangan) ishlab chiqariladi. 

Ayni paytda innovatsion faoliyat sub’ektlari tomonidan bozorga yangi qurilish materiallarini taklif qilish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan zamonaviy ekotizim shakllantirilmoqda. 
 
 

Muhayyo Toshqorayeva, 

O‘zA