English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘istonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi
17:46 / 2023-05-09

9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor F.Shermatov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olib, ularni bayram bilan qutlashdi.

Ikkinchi jahon urushida 66 ming nafar qoraqalpog‘istonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok bo‘lgan. Frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod jangchiga jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari – unvon, orden va medallar berilgan.

Nukus shahrida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qodirboy ota Normanov bu yil 98-bahorini qarshi oladi. 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramiga Qodirboy otaning uyida har yili o‘zgacha tayyorgarlik ko‘riladi. Bu safar ham bayram arafasida mehmonlarning keti uzilmadi. Tichligimiz, osoyishtaligimizning davomiyligiga o‘z hissasini qo‘shgan Qodirboy ota shu kuni o‘zgacha kayfiyatda bo‘ldi. Mehmonlar bilan dildan suhbatlashib, tinchlikning qadri qanchalar baland ekanini ta’kidladi. Duoga qo‘l ochgan Qodirboy ota yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bardavom bo‘lsin, deya niyat qildi. Albatta, urushni ko‘rgan insonlar tinchlikning qadrini yaxshiroq bilishadi, yanada teran anglaydi. Zero, notinch yurtda, eng avvalo xalq qiynaladi, tarix yo‘qotiladi, qadimiy urf-odat va an’analar, kelajakka ulkan orzular barbod bo‘ladi. Shu uchun donishmand xalqimiz har vaqt tinchlik bo‘lsin deya duoga qo‘l ochadi.  

Navbatdagi manzil Qorao‘zak tumani A. Dosnazarov ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1925 yilda tavallud topgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Genjemurat ota Allaniyazovning xonadoni bo‘ldi.

Genjemurat ota 1943 yilning 5 mart kuni, aynan Ikkinchi jahon urushining eng qizg‘in pallasida harbiy xizmatga chaqirilib, shu yilning 25 mart sanasidan sentyabr oyiga qadar 84-o‘qchi diviziyasida xizmatni o‘tadi. Keyinchalik 76-o‘qchi diviziyasida fashistlarga qarshi kurash olib borgan. 1944 yilning mart oydan 1945 yilning avgustiga qadar 59-Gvardiya o‘qchi diviziyasida “mergan”, urushdan keyin esa 1950 yilgacha “minometchi” lavozimlarida xizmatni o‘tab, “serjant” harbiy unvoniga ega bo‘ldi va zaxiraga bo‘shatildi.

Urush qatnashchisi Ukraina, Ruminiya, Moldaviya, Avstriya, Chexoslovakiya davlatlarini fashistlar bosqinidan ozod qilish janglarida mardlik namunasini ko‘rsatgan. 1945 yilning fevral oyida Vengriya poytaxti Budapesht shahrini ozod qilishda fashistlar tomonidan otilgan snaryad parchasidan og‘ir jarohatlangan. Davolanish muassasasidagi muolajalardan keyin esa yana safga qaytarilgan.

Keyingi manzil Nukus shahridagi 22-kichik dahada Toshkent shahridan nevarasi oldiga mehmonga kelgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mariya Kornishinaning xonadoni bo‘ldi. Mariya Ivanovna 1929 yilda tavallud topgan bo‘lib, 1944 yilda harakatlanuvchi evakuatsiya qiluvchi gospital tarkibida hamshira bo‘lib xizmat qiladi. Suronli urush yillari Ukraina va Polshadagi janglarda yarador bo‘lgan jangchilarni evakuatsiya qilish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jang maydonlarida olib chiqishda jonbozlik ko‘rsatadi. Urush tugaganidan keyin Nukusga qaytib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida serjant lavozimida xizmatni davom ettiradi. Nafaqaga chiqqach, Toshkent shahriga ko‘chib ketadi. Ayni vaqtda nevarasi Aleksey buvisini qaramog‘iga olib, Nukus shahriga qaytarib keldi.

Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi urush qatnashchilariga Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirdi hamda davlatimiz rahbari nomidan 18 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Bir qator tashkilotlar nomidan ham qimmatbaho sovg‘alar ulashilib, ularga ehtirom ko‘rsatildi.  

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri