English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston deganda samimiy, mehnatkash, bag‘ri daryo insonlar maskani ko‘z oldimizga keladi
13:18 / 2022-08-28

Qoraqalpog‘iston deganda Vatanimizning shimoliy g‘arbi, Amudaryo etaklari va Orol dengizining janubiy sohillaridagi biyday dala-dashtlar, bepoyon sahrolar, qolaversa, global ekologik muammo hududida umrguzaronlik qilayotgan samimiy, mehnatkash, bag‘ri daryo insonlar ko‘z oldimizga keladi.

Boshqa hududlar bilan taqqoslasak, bu mo‘’jaz maskanga davlatimiz rahbari yuksak e’tibor qaratmoqda. Xususan, joriy yil 26 avgust kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davrdan buyon uninchi tashrifi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtirok etgani ommaviy axborot vositalarida ham e’tirof etildi.

Sessiyada avvalo Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonda qariyb chorak asrdan beri yig‘ilib qolgan muammolarni har gal shu el bilan bamaslahat, yelkama-yelka turib yechimini topib, ijrosini kafolatlash uchun 31 ta farmon va qarorlar qabul qilganini alohida ta’kidladi.

Haqiqatan olti yilki, Qoraqalpog‘istonda infratuzilmani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qarorlar, yo‘l xaritalari «Inson qadri uchun» tamoyiliga asosan joriy qilinayotgani ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Birgina Mo‘ynoq misolidagi bunyodkorliklaru obodonlashtirishlar timsolida qishloq va ovullar, shahar va tumanlarning ko‘z ko‘rib tanimas darajada qiyofasi yangilanganiga guvohmiz.

Izchil tatbiq qilinayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida tadbirkorlar soni 2 barobar oshgan, bois 13 ta hududga nisbatan davlat sarmoyasining sezilarli qismi o‘tgan davrda Qoraqalpog‘istonga yo‘naltirilib, ayni paytda, 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirilgan, bu sa’y-harakatlar qoraqalpog‘istonliklarning bandligini ta’minlashga, hayotini farovonlashtirishga asos bo‘ldi.

Bu fikrlarimizga, sessiyada prezidentimizning «Birgina joriy yil fevraldagi tashrif doirasida hududni har taraflama rivojlantirish uchun 1,5 trillion so‘m mablag‘ ajratdik», degan so‘zlari inkor qilib bo‘lmas dalil desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Inchunin, o‘tgan besh yillikda Qoraqalpog‘istonda chuchuk suv ta’minoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha ta’lim muassasasi qamrovi 32 foizdan 76 foizga va aholi daromadlari jon boshiga ikki barobarga oshdi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, afsuski, qanchadan-qancha ajratilayotgan davlat sarmoyalari va alohida e’tiborga qaramasdan ba’zi mavjud ijtimoiy o‘tkir muammolar qoraqalpoq aholisi kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgani sir emas. Jumladan, elektr ta’minotidagi uzilishlar, ichimlik suvi tanqisligi va narx-navo barqarorligi saqlab turilmagani kabi vajlar salbiy omillardan. Bunday sabab va oqibatlarda ayrim mutasaddilarning o‘z vazifasiga panja ortidan qarashini tanqidiy baholab: «Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar «xalqni rozi qilish» degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», dedi Prezident.

Sessiyada Shavkat Mirziyoyev joriy yil iyul voqealariga alohida to‘xtalarkan, yuzaga kelgan tartibsizliklarda qisman ba’zi rahbarlarning ko‘r-ko‘rona loqaydligi borligini aytib: «Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga halol xizmat qilish o‘rniga farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda», dedi kuyinib.

Sessiyada Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges Raisi lavozimiga tavsiya etilgan Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodini ko‘rib chiqish taklifi berilib, Qoraqalpog‘istonni yangicha taraqqiyotga boshlash, muammolarni tub ildizlari bilan bartaraf etish, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda jadal islohotlarni amalga oshirish va aholiga munosib turmush sharoitini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga raislikka qo‘yilgan nomzod Amanbay Orinbayevning Qoraqalpog‘istonni yangi bosqichda rivojlantirish uchun keng ko‘lamli rejalariga tayanib so‘ragan sarmoyasi davlatimiz rahbari tomonidan ajratilajagi bildirildi.

Hududda jadal suratlarda oilaviy tadbirkorlik, agrar sektor, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga subsidiyalar ajratish, ayniqsa, ta’lim sifatini oshirishni ta’minlash va yoshlar borasidagi mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflari qo‘llab-quvvatladi. Amanbay Orinbayevning istiqbolli takliflari bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish xususida mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hudud uchun foyda solig‘i stavkasini 15 foizdan 7,5 foizga tushirish, mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 baravarga kamaytirish kabi ko‘plab tarmoqlar bo‘yicha qaror loyihasiga yengilliklar kiritish ma’qullandi.

Qizg‘in ruhda o‘tgan sessiyada Qoraqalpog‘istonda joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 milliard so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m ajratilishi, agrar sohada yil yakuniga qadar 6 ming 620 gektar, kelgusi yilda 6 ming gektar paxta va g‘alla yerlarini qisqartirib, aholiga ijaraga berishga ruxsat berildi. Ajratilgan sug‘oriladigan maydonlarga ekin xarajatlari uchun fermerlarga 200 milliard so‘m va dehqonlarga 50 milliard so‘m, suv ta’minotini yaxshilash uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratish hamda boshqa moliyaviy ko‘maklar tasdiqlandi.

Shuningdek, sanoat loyihalarini ko‘paytirish maqsadida Investorlarga ko‘mak markazini tashkil etish, Markaz qoshida Nukus shahridagi 10 gektar yer maydonida Sanoat texnoparki qurish, Kegeyli va Xo‘jayli tumanlarida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.

Kengashda besh yil muddatga faqat Qoraqalpog‘iston tadbirkorlariga eksport uchun xomashyolarni tashishda (O‘zbekiston hududida) 70 foiz transport xarajatlarini qoplab berish, Qorao‘zakda mis ishlab chiqarish, Qo‘ng‘irotda yangi kaustik soda va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarish zavodlarini qurish kabi yirik loyihalar tashabbusi ilgari surildi.

Xalqimizda yo‘l qurish savobli ish, degan naql bor. Yo‘llar qurilishi aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, duosiga sazovor bo‘lishdan tashqari, integratsiya va infratuzilmani rivojlantirishga asosiy vositalardan biri bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Qoraqalpog‘istonda infratuzilmani rivojlantirishdagi muammolarni yechishni ko‘zlab Prezident «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan o‘tgan qismini rekonstruksiya qilish uchun 160 million dollar jalb etishga ruxsat bergani, bu - katta imkoniyatlar manzili sari odimlash degani.

Ta’kidlash joizki, bugun Qoraqalpog‘istonda issiqlik ta’minoti va yashash uchun zarur bo‘lgan ehtiyojlarni o‘z vaqtida ta’minlash o‘ta dolzarb. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalarga ko‘mir, suyultirilgan gaz, oziq-ovqat va boshqa hayotiy zarur ehtiyojlar uchun 600 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish, 15 sentyabrdan boshlab hududda tug‘ma imkoniyati cheklangan va imtiyozga ega bo‘lish mumkin bo‘lgan qoraqalpoqliklarga temir yo‘l, avia chiptalar sotib olish uchun 50 foizlik imtiyozni tiklashni aytdi. To 2025 yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha rejadan oshirib bajarilgan tushumlarni Qoraqalpog‘iston byudjetida qoldirishni ham qaror qildi.

Har galgidek muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’limga alohida e’tibor qaratib, bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari qurilishiga kelgusi besh yilda qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda aholi uchun yakka tartibdagi uy-joy qurish maqsadida yer uchastkasi taqdim etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yilarkan, «To‘g‘ri, bu amaliyotga chek qo‘yganmiz va boshqa hududlarda bunday imkoniyat yo‘q. Lekin, Qoraqalpog‘iston aholisi murojaatlarini inobatga olib, istisno qilib berishga tayyorman», dedi Prezident.

Shu yil 22 avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib bergan edi. Sessiyada davlatimiz rahbarining tadbirkorlik mavzusiga yana to‘xtalishi qoraqalpog‘istonlik yosh ishbilarmonlarga 7 yilgacha muddatga imtiyozli shartlar asosida ssudalar ajratishga asos bo‘ldi, yoshlarda katta-katta maqsadlarni amalga oshirishga turtki bo‘ldi.

Yaponlarda bir ibora bor, «Farzand tarbiyasi onalarning egallagan kasbi va olgan ta’lim darajasiga bog‘liq». Ibora ma’nosi shundaki, agar xotin-qizlar ommaviy ta’limga jalb qilinib, kasb-hunar o‘rgatilsa, albatta, ular tarbiyalayotgan avlod ertaga mamlakat ravnaqiga har jihatdan munosib xizmat qila oladi. Sessiyada ayniqsa, xotin-qizlarni xorijiy tillar va IT sohasiga o‘qitish kurslarini tashkil etish, bunday innovatsion jadal rivojlanish uchun imkoniyatlar safarbar qilish borasidagi amaliy ishlar barchani birdek mamnun etdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim va kasb-hunar sohalariga alohida e’tibor qaratilib, bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘ng‘irot, Nukus va Chimboy tumanlarida 4 ta «Ishga marhamat» monomarkazlarini tashkil etish va faqat qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun mamlakatimizdagi barcha oliygohlarga alohida 6,5 mingta qabul kvotalari joriy qilinishi taklif etildi. Qoraqalpog‘istondagi ehtiyojdan kelib chiqib, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, qurilish sohalarida tayanch doktoranturada qo‘shimcha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga topshiriq berilgani esa, yig‘ilganlar qalbida katta minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Shu asnoda muhtaram Prezidentimiz Jo‘qorg‘i Kengesning yangi Raisiga murojaat qilib, «Amanbay Orinbayev adolat, sadoqat, halollik, mas’uliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni o‘z faoliyatining eng muhim mezonlari sifatida belgilab olib, saylangan lavozimida Qoraqalpog‘iston ahliga sidqidildan xizmat qilishi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashi lozim», dedi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga o‘zlari tanlagan nomzodni rahbar qilib tayinlashni qo‘llab-quvvatlar ekan, birgalikda bir kuch bo‘lib Qoraqalpog‘istonda ulkan islohotlar boshlanishi, bunday ijobiy o‘zgarishlarni qoraqalpoq xalqi sezishi kerakligini, eskicha fikrlash va ishlash bilan Qoraqalpog‘istonda ishlab bo‘lmasligiga urg‘u berdi. “...Xudo xohlasa, hayotning har qanday sinov va mashaqqatlariga bardosh berib, ertangi kunga katta ishonch bilan yashayotgan mard va matonatli Qoraqalpog‘iston xalqining og‘irini yengil, mushkulini oson qilishga qaratilgan bu ezgu va xayrli ishlarni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz», deb qo‘shimcha qildi.

Davlatimiz rahbari Jo‘qorg‘i Kenges sessiyasidan chiqar ekan, odamlar hayoti bilan yaqindan tanishish, ularning turmush tarzini yana bir bor ko‘zdan kechirish, kerak bo‘lsa, dardini tinglash maqsadida Nukus shahridagi «Amudaryo» mahallasiga bordi. U maskanda hayot kechirayotgan nuroniy otaxonu onaxonlar va mahalla ahli bilan yuzma-yuz uchrashdi, aholi turmush tarzidagi muammolar va yangiliklarni real kuzatdi.

Muxtasar aytganda, qoraqalpog‘istonliklarga yangi rahbar bilan yangicha hayot nafasi kirib kelishi, ularni qiynab kelayotgan muammolar shijoat bilan oson hal bo‘lishi, har bir fuqaroning orzu intilishlari qo‘llab-quvvatlanishiga davlatimiz rahbari katta ishonch bildirdi. 

Qo‘ng‘irotboy Sharipov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti