
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Sog‘likni saqlash sohasi xodimlari kuni” ga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda sektor rahbarlari, davlat va xususiy shifoxonalarda faoliyat olib boruvchi shifokorlar, hamshiralar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbir avvalida tibbiyot xodimlarini tuman hokimi X.Tohirov bayram bilan samimiy qutladi. Ta’kidlanganidek, chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir. Ayni vaqtda tumandagi tibbiyot muassasalarida 2 ming 785 nafar xodimlar mehnat qilmoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida aholiga 27 ming 326 marotaba tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida yuqori texnologiyalik operatsiyalarning 60 tasi tumanda amalga oshirilgan. Har oyda o‘rtacha 30 nafar bemorlar viloyat, 10 nafari Respublika klinik shifoxonalarida order asosida shifo topmoqda. Birgina tuman markaziy kasalxonasining o‘zida har oy o‘rtacha 2 ming nafardan ortiq tuman aholisi statsionar sharoitda davolanmoqda. 35 nafar tug‘ma yuragida nuqsoni bor bolalar Respublika byudjeti hisobidan operatsiya qilindi. 12 nafar xotin-qizlarda 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga imtiyozli, yuqori texnologiyalik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida Qorako‘lda tibbiyotning barcha murakkab yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan shifokorlar shaharchasi bunyod etilmoqda.

El-yurt salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini munosib rag‘batlantirish doimo davlatimiz e’tiborida. Tantanali tadbirda tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli mehnati e’tirof qilingani holda tizimda namunali faoliyati bilan boshqalarga ibrat bo‘lib kelayotgan bir guruh shifokorlarga tuman hokimligining tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.

Tibbiyot xodimlari sharaflangan tadbirda san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, 2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda “Tibbiyot xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA