English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkaziladi
16:52 / 2023-08-10

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilganidek, joriy yil 21-23 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va unga uyg‘un holda Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkaziladi.  

Mazkur xalqaro tadbir xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, madaniy aloqalarni xalqaro miqyosda kengaytirish, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash va qayta tiklash maqsadida o‘tkazilmoqda.  

Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. “Ustoz-shogird” an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.  

“Xalqaro hunarmandchilik festivali”ga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etildi. Birinchi bosqich — tumanlar (shaharlar) bo‘yicha 2023 yilning mart oyida tashkil etildi va unda 2 ming nafarga yaqin hunarmand ishtirok etdi. Ikkinchi bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha 2023 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tdi va unda ming nafarga yaqin hunarmand ishtirok etdi.

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan Ikkinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali” veb-sayti yaratildi. Veb-saytda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirildi.

Shuningdek, festivalda ishtirok etishni istagan xorijlik hunarmandlar, ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari, nufuzli mehmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ushbu sayt orqali onlayn tarzda ariza berib ro‘yxatdan o‘tadilar.

Xalqaro hunarmandchilik festivaliga 5 ta qit’adan 220 dan ortiq, Kulolchilik forumiga 50 dan ortiq hunarmand, bundan tashqari ommaviy axborot vositalari,  konferensiya ishtirokchilari hamda nufuzli tashkilot vakillaridan faxriy mehmonlar xalkaro hunarmandchilik tashkiloti mutaxassislari, Butunjahon Hunarmandlar kengashi rahbarlari, Santa-Fe (AQSH) “Xalqaro xalq amaliy san’ati bozori” festivali, yirik ko‘rgazma tashkilotlari vakillari taklif etilishi rejalashtirilgan.  

Shu bilan birga, mamlakatimizdan ming nafardan ziyod hunarmandlar ishtirok etadi. Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi. Unda xorijlik va o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etadi.  

Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy amaliy konferensiya, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, moda haftaligi, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari, zamonaviy o‘zbek milliy hunarmandchiligi va amaliy san’ati, hunarmandlar ijodiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston hunarmandchiligi durdonalari” kitob-albomi taqdimoti, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, mohir kulollar shahri Rishton hamda Furqat tumani bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.  

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, xorijiy mehmonlar va festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan tarixiy obidalar, Qo‘qon milliy hunarmandchiligi namoyandalarining uy ustaxonalari, madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari va mehmonlar tashrifi uchun tayyorlanmoqda.  

Festival tadbirlarini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, usta hunarmandlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlar jalb etilgan.  

Shuningdek, yuqorida qayd etilganidek, Ikkinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va unga uyg‘un holda Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkaziladi. Hunarmand uyushmasi tomonidan forum rasmiy veb-sayti ceramicforum.uz yaratildi va ushbu sayt orqali forumda ishtirok etishni istagan kulollar, soha olimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ariza berib ishtirok etish istagini bildirdi.  

Kulolchilik forumi doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va namoyishlar, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kulolchilik maktablarining mashhur xalq amaliy san’ati ustalari tomonidan mahorat darslari ham tashkil etiladi. Kulollar va boshqa hunarmandlarga shogird tushmoqchi bo‘lgan yosh havaskorlar tadbirlarda ishtirok etib, loydan kulolchilik mahsulotlarini yasashi, ularga naqsh berishi, pishitish jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA